O‘zbek va AQSH olimlari hamkorligining mahsuli
Yurtimiz va AQSH olimlari ilmiy hamkorligida yaratilgan “The Age of Two Intelligences: Competition, Cooperation — the Future of Humanity AI” (“Ikki aql davri: raqobat, hamkorlik — insoniyat va sun’iy intellekt kelajagi”) nomli asar ingliz tilida chop etildi.
U kitob Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professorlari A.Axatov, O.Esonov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori, akademik B.Zaripov, Nyu-York universiteti (AQSH) professori E.Gurman hammuallifligida tayyorlangan. Mazkur yangi asar davrimizning dolzarb masalasi — sun’iy intellekt kelajagi, uning ilm-fanga, inson organizmiga potensial ta’siri tadqiqiga bag‘ishlangan. Shuningdek, SIning inson fiziologiyasida qo‘llanilishiga ham e’tibor qaratilgan.
Ta’kidlash kerakki, SI bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning barcha jabhalariga jadal kirib bormoqda. Ayniqsa, u iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimiga keng tatbiq qilinyapti. Tahlilchilarning fikricha, 2030-yilga borib, dunyo iqtisodiyotida SI hajmi 20 trillion dollardan ortishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekistonda ham SIni rivojlantirishga jiddiy e’tibor berilyapti. Bu bejiz emas, albatta. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi”.
Ana shu hayot haqiqatidan kelib chiqib, yurtimizda SIni rivojlantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Natijada qisqa davr ichida sohaning huquqiy asoslari yaratilib, davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda ko‘plab loyihalar ishga tushirildi.
— Ushbu jarayonda ilm-fan va ta’lim sohalari peshqadamlik qilmoqda, — deydi asar mualliflaridan biri, akademik B.Zaripov. — Bunda oliy o‘quv yurtlarida SI laboratoriyalarini tashkil etish tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, oliygohlarga qabulda SI, fin-tex, kiber-xavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari oshirilayotgani rag‘batlantiruvchi omil bo‘lyapti. Pirovardida Yangi O‘zbekistonning SI sohasidagi salohiyati tobora ortyapti. Xorijiy ekspertlar buni 10 milliard dollardan ortiqqa baholashmoqda. Buni imkoniyatga aylantirish, real natijalarga erishishda ilmiy asarlarga talab ortishi tabiiy. Bizning “The Age of Two Intelligences: Competition, Cooperation — the Future of Humanity AI” nomli kitobimiz ana shu ehtiyojdan kelib chiqib yaratildi. Unda infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadr tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligi asoslab berilgan. Shuningdek, inson tafakkuri va sun’iy intellekt o‘rtasidagi ziddiyat ehtimoli, bunday nizolarning oldini olish va hal qilishning potensial yondashuvlari har tomonlama ko‘rib chiqilgan.
Darhaqiqat, kitobda inson salomatligi va sun’iy intellektning o‘zaro munosabatlariga alohida o‘rin berilgan bo‘lib, inson tafakkuri va sun’iy bilishda mantiq, hissiyot va hissiyotlarning o‘zaro ta’siri chuqur tadqiq qilingan. Shu asnoda mualliflar soha rivojining hozirgi bosqichida sun’iy va inson intellektining o‘zaro moslashishini rag‘batlantirish muvaffaqiyatga keng ochadi, degan to‘xtamga kelgan hamda bu bo‘yicha amaliy g‘oyalar va tavsiyalar ham bergan.
AQSHning nufuzli “Amazon” nashriyotida chop etilgan ushbu kitob nafaqat soha vakillari va oliy o‘quv yurti talabalari, balki keng kitobxonlar ommasiga ham manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.