2026/2027 o‘quv yili qabuli: magistraturaga 36,8 mingdan ortiq ariza topshirildi
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari izchil davom etmoqda.
22-iyul kuni soat 13:30 holatiga ko‘ra, magistratura, ikkinchi mutaxassislik, texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida o‘qishga qabul qilish hamda o‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha arizalar soni e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, magistratura bosqichiga hozirga qadar 36 814 ta ariza qabul qilingan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha hujjatlar 30-iyulga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim tashkilotlariga suhbat asosida qabul qilish uchun esa 4 368 ta ariza kelib tushgan. Mazkur qabul jarayoni 25-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish istagida bo‘lganlardan hozirgacha 11 301 ta ariza qabul qilingan. Bu yo‘nalish bo‘yicha hujjatlar 10-avgustga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Shuningdek, respublikadagi davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha 16 463 ta ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Nodavlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish va tiklash uchun esa 787 ta ariza kelib tushgan. Har ikki toifa bo‘yicha qabul 5-avgustga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, magistratura, ikkinchi mutaxassislik hamda texnikum bitiruvchilarini qabul qilish uchun arizalar my.edu.uz platformasi orqali, o‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha murojaatlar esa transfer.edu.uz platformasi orqali onlayn tarzda qabul qilinmoqda.
Qabul jarayonlarida ishtirok etayotgan abituriyentlar va talabgorlarga belgilangan muddatlarga amal qilgan holda hujjatlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish tavsiya etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA