O‘zbek tili ravnaqi – milliy taraqqiyot omili
Ona tilimiz va uning rivoji nainki 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kunida, balki doimo e’tibor markazida bo‘lishi dolzarb ahamiyatga ega. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini barcha yurtdoshlarimiz, ayniqsa, ijodkor-ziyolilar katta e’tibor bilan kutib oldi.
Mazkur tabrik o‘zbek tilini asrab-avaylash, uni yanada ravnaq toptirish va targ‘ib qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilashda alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Jonuzoq quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Prezidentimizning bayram tabrigini birgalikda katta hayajon bilan tingladik. Albatta, tabrikdagi samimiy dil so‘zlari bizni qanchalik xursand qilgan bo‘lsa, zimmamizga yuklatilgan vazifalarning naqadar ulkan, mas’uliyatli va zalvorli ekanini ham chuqur his qilmoqdamiz. Shubhasiz, barcha mas’ullar va ziyoli olimlarimiz bilan birgalikda Prezidentimiz tabriklarida belgilagan vazifalarni to‘la-to‘kis ado etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
O‘zbek tili bayramidek qutlug‘ ayyom arafasida ona tilimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizni quvontirgan yana bir muhim yangilik e’lon qilindi. Ona tilimiz rivojiga bag‘ishlangan tantanalar boshlanishidan biroz avval ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy axborot manbalarida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonun qabul qilingani haqida xabar tarqaldi. Prezidentimiz ushbu qonunni aynan 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni imzoladilar.
Ochig‘i, bu masala o‘ttiz yil davomida ziyolilar davrasida ko‘p bor muhokama qilingan, ammo keng jamoatchilik muhokamasi va amaliy yechim nuqtai nazaridan dolzarbligicha qolib kelayotgan edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ilk bor ushbu masalani rasmiy darajaga olib chiqib, alifboni takomillashtirish vazifasini kun tartibiga qo‘ygan edilar.
Shundan so‘ng amaliy ishlar boshlandi. O‘tgan davr mobaynida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari, shuningdek, mamlakatimizdagi boshqa yetakchi universitetlar mutaxassislari va turli soha vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, alifbo loyihasi ustida ish olib borildi.
Jarayon davomida alifboning beshta loyihasi jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Mutaxassislar, olimlar, turkshunoslar, zamonaviy axborot texnologiyalari sohasi vakillari hamda keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari inobatga olinib, loyihalar bosqichma-bosqich takomillashtirildi. Nihoyat, yakuniy loyiha joriy yilning 7-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan, 10-sentabr kuni esa Senat tomonidan ma’qullandi.
Ona tilining taraqqiyoti jamiyatning ma’naviy salohiyati, milliy o‘zligi va kelajak avlod oldidagi mas’uliyati bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, uning boy imkoniyatlarini namoyon etish, adabiy me’yorlarini takomillashtirish va kundalik hayotda qo‘llanish doirasini kengaytirish har birimizdan e’tibor va mas’uliyat talab etadi. Ayniqsa, ta’lim, ilm-fan, davlat boshqaruvi va axborot texnologiyalari sohalarida o‘zbek tilining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu borada izchil amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tilimizning zamonaviy taraqqiyot talablariga mos ravishda rivojlanishiga xizmat qiladi.
Albatta, ushbu qonunning qabul qilinishi imlo bilan bog‘liq ayrim muammo va chalkashliklarni bartaraf etish, jumladan, o‘zbek tilini raqamli dunyoda keng ommalashtirish yo‘lida uchrayotgan to‘siqlarni kamaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Zamonaviy raqamli vositalarda o‘zbek tilining to‘laqonli qo‘llanilishi uning xalqaro axborot makonidagi o‘rnini mustahkamlashga yordam beradi. Bu jarayonda barcha mutaxassislar va mas’ul idoralar bilan hamkorlikda ish olib borib, belgilangan vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlashga harakat qilamiz.
Ushbu qonunni ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etgan barcha olimlarimiz, mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillari, deputatlar, shuningdek, qonun loyihasiga befarq bo‘lmagan barcha o‘zbek tili jonkuyarlarining mehnatlarini yuksak qadrlaymiz va tashakkur aytamiz.
Qonun hujjatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan maxsus chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Unda qonunni amaliyotga joriy etish, tegishli tashkiliy choralarni ko‘rish va belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirishga qaratilgan ishlar nazarda tutiladi. Qonunning samarali ijrosi nafaqat mas’ul tashkilotlar, balki ta’lim muassasalari, ilmiy jamoatchilik va keng aholi hamkorligiga ham bog‘liq.
Fursatdan foydalanib, tilimiz tarixidagina emas, balki ijtimoiy-siyosiy hayotimizda ham muhim o‘rin tutadigan, bundan yuz yil avval jadid bobolarimiz boshlab bergan xayrli ishning davom etishiga xizmat qiladigan ushbu tarixiy hujjatni imzolaganlari uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz. Ushbu tarixiy qadam o‘zbek tilining zamonaviy taraqqiyot talablariga mos ravishda rivojlanishi, uning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzi yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonamiz.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.