Norqobil Jalilovdan yosh jurnalistlarga mahorat saboqlari
So‘zning qadri, fikrning ta’siri va jurnalist mas’uliyati haqida samimiy muloqot.
Jurnalistika shunchaki axborot yetkazish emas, balki so‘z orqali insonni o‘ylantirish, voqelikni xolis yoritish va jamiyatga ta’sir ko‘rsatish san’atidir. Bu kasbni chuqur anglash, uning nozik jihatlarini o‘rganishda esa tajribali ustozlar sabog‘i muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, ustoz ijodkor Norqobil Jalilov ishtirokida tashkil etilgan navbatdagi «Mahorat maktabi» mashg‘uloti ham ana shu maqsadga xizmat qildi.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etib, tajribali jurnalistning kasbiy qarashlari, ijodiy tajribasi va tavsiyalarini tinglash imkoniga ega bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida jurnalistik material tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari, ayniqsa, maqola yozishda mavzu tanlash, fikrni aniq va ta’sirchan ifodalash, so‘zlarni o‘rinli qo‘llash hamda voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur ochib berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, yaxshi maqola faqat ma’lumot berish bilan cheklanmaydi – u o‘quvchini mushohadaga chorlaydi, qalbiga yo‘l topadi va xotirasida qoladi.
[gallery-32137]
Norqobil Jalilov o‘zining ko‘p yillik jurnalistik faoliyati davomida to‘plagan tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, jurnalistikada so‘zga mas’uliyat bilan yondashish, har bir fikrni puxta o‘ylash va mavzuni atroflicha o‘rganishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Ustozning hayotiy kuzatuvlari va kasbiy tajribasi yoshlar uchun nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan boyitishga xizmat qildi.
Uchrashuvning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, u oddiy ma’ruza bilan cheklanib qolmadi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, jurnalistik ijod, maqola tayyorlash va kasb sirlariga oid masalalar yuzasidan javob hamda tavsiyalar oldi. Samimiy muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular bo‘yicha fikr almashib, kelgusi ijodiy faoliyatlari uchun zarur xulosalar chiqarish imkoniga ega bo‘ldi.
Darhaqiqat, jurnalistikada mahorat bir kunda shakllanmaydi. U mutolaa, izlanish, kuzatuvchanlik, izchil mehnat va tajriba orqali sayqal topadi. Eng muhimi, har bir so‘z ortida mas’uliyat, har bir maqola zamirida esa haqiqatga intilish mujassam bo‘lishi lozim.
«Mahorat maktabi» mashg‘ulotlari ham aynan shu ezgu maqsad – yosh jurnalistlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni tajribali qalam sohiblari bilan yuzlashtirish, o‘zaro tajriba almashish va jurnalistika sohasidagi mahoratini rivojlantirishga qaratilgan.
Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun nafaqat bilim manbai, balki tanlagan kasbiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan muhim hayotiy saboq hamdir.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA