O‘zbek tili bayrami keng nishonlanmoqda
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi va 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlab Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim xiyobonida “O‘zbek tili – xalqimizni birlashtirgan kuchdir” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida viloyat, shahar hokimliklari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ullari, umumta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi va talaba-yoshlari, harbiylar hamda keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Jizzax viloyatida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yurtboshimizning bevosita tashabbusi bilan millat barhayotligining, davlat suverenitetining garovi bo‘lgan o‘zbek tilini rivojlantirish, uning imkoniyatlari va jozibadorligini xalqaro miqyosda ham targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jizzax shahridagi O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi tantanalari o‘zbek she’riyatida muhim o‘rin tutgan shoirlar Hamid Olimjon hamda Zulfiyaxonim haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish bilan boshlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlat tiliga e’tibor ko‘rsatishda Prezidentimiz alohida o‘rnak ko‘rsatganligini aytib, jumladan, u kishi 2020 yil BMT Bosh Assambleyasining onlayn tarzda o‘tkazilgan 75-sessiyasida va 2023 yil bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida hamda qator xalqaro darajadagi uchrashuvlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlagani ona tilimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilganligini, turkiy (bugungi o‘zbek) til asoschisi bo‘lgan ulug‘ mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiy hazratlarining “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, degan dono o‘gitlariga amal qilingan holda yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

– 1989 yilning 21 oktyabr kuni, sobiq ittifoq o‘zining so‘nggi yillarini yashayotgan davrdayoq, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani O‘zbekiston mustaqillik sari ilk va eng muhim qadamni tashlaganini bildiradi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova. – O‘z milliy tilida gapira olmaydigan, yoza olmaydigan millatni, davlatni mustaqil deb atashlik bu maddohlikdan boshqa narsa emas, deb o‘ylayman. Xudoga shukr, bugun erkimiz o‘z qo‘limizda, o‘z ona tilimiz davlat tili va davlatimiz yetakchisi ham eng oliy minbarlarda turib butun jahonga ona tilimizda nutq irod etayapti.

O‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan kunga bugun 35 yil to‘ldi. Bu butun millatning, shu Vatanda yashayotgan barcha xalqlarning ham bayramidir. O‘zbekistonimizda yashayotgan, o‘zbek tilida so‘zlashayotgan, so‘zlasha oladigan o‘zbekman, o‘zbekistonlikman deya faxr bilan yashayotgan har bir shaxs, har bir millat o‘zbek tilini qadrlamog‘i, hurmat qilmog‘i va bu kunni ulug‘ bayram sifatida nishonlamog‘i lozimdir.

Tadbirning rasmiy qismi yakuniga yetgach, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim ijod maktabi o‘quvchilari hamda jizzaxlik ijrochi yoshlar tomonidan ijro etilgan o‘zbek she’riyati ustunlari –Alisher Navoiy, Hamid Olimjon, Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf va boshqa yetuk shoirlarimiz qalamiga mansub O‘zbekiston, o‘zbek tili, ona Vatan, o‘zbek sha’ni va qadri haqidagi she’r va qo‘shiqlar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari, o‘zbek adabiyoti durdonalaridan tashkil topgan kitoblar ko‘rgazmasi tadbir ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tomosha qilindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari