O‘zbek kurashi Janubiy Koreyada ommalashmoqda
O‘zbekiston kurash federatsiyasiga Janubiy Koreyaning “Top Promotion” kompaniyasi boshqaruvi vakillari tashrif buyurdi.
Mehmonlar Toshkentdagi kurash muzeyida bo‘lib, kurash tarixi va buguni haqida hikoya qiluvchi eksponatlar, mazkur sport turi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar kurash xalqaro maydonda ham zamonaviy va istiqbolli sport turi sifatida rivojlanishi uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud ekanligini e’tirof etdi.
Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, zamonaviy kurash qoidalari asoschisi Komil Yusupov bilan uchrashdi.

Komil Yusupov kurashning sport turi sifatida xalqaro maydonga olib chiqilishi yo‘lidagi harakatlar, dunyo arenasidagi rivojlanishi, tarixi haqida so‘zlab berdi. O‘z navbatida mehmonlar Koreya milliy sport turi bo‘lgan taekvondoning (WT) yozgi Olimpiya o‘yinlariga kiritilishi borasida olib borilgan ishlar, harakatlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, kelajakda kurashni olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, jahon yoshlarini kurash sport turi bilan shug‘ullanishga keng jalb etish, kurashni o‘zbek brendi sifatida jahon durdonasiga aylantirish va xalqaro nufuzini yuksaltirish, mustahkamlash borasida hamkorlik qilinishi kelishib olindi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA