Özbek kinosida yangi davr va ijod erkinligi sari taşlangan tarixiy qadam
Xalqimiz kino sanʼatini azaldan yaxşi köradi. Zero, kinematografiya bir emas, bir neçta sanʼat turini özida mujassam etgan, yuzlab ijodkorlarning hamkorlikdagi mehnati natijasida yaratiladigan va tomoşabin qalbidan joy oladigan sanʼat turidir.
Şörolar davrining eng murakkab yillarida ham özbek kinoijodkorlari yaratgan filmlar odamlar yuragining tub-tubidan örin olgan. Milliy filmlarimizda yangragan jumlalar xalq oğziga tuşib, bugungi kunda ham özaro muomalamizning ajralmas qismiga aylangani xalqimizning kinoga bölgan mehri va qiziqişi neçoğliq balandligini körsatadi. Bu, ayni paytda, kino sohasida ijodkorlar sidqidildan mehnat qilgani, milliy kino sanʼati xalq hayoti va tafakkurida muhim örin egallaganidan dalolat beradi.
Yaqinda Özbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz kino ijodkorlari bilan uçraşuvi milliy kinematografiyamiz ravnaqiga daxldor muhim masalalarni yana bir bor kun tartibiga olib çiqqani bilan ahamiyatli böldi. Muloqot davomida yillar davomida töplanib kelgan muammolar, soha rivojiga tösiq bölayotgan omillar va ularning yeçimi böyiça takliflar atrofliça muhokama qilindi.
– Davlat rahbari kötargan masalalarning aksariyati biz yillar davomida gaplaşib kelgan, kino sohasidagi har bir ijodkorni qiynab kelgan muammolar edi, – deydi madaniyat vazirining birinçi örinbosari, taniqli kinorejissyor Jahongir Ahmedov. – Eng muhimi, bugun şu masalalarni davlat rahbarining özlari taşabbus bilan örtaga taşlab, ularning yeçimiga yöl oçib berdilar. Bu özgarişlar, aslida, köp yillardan buyon orzu qilib kelgan maqsadlarimiz edi.
Darhaqiqat, Prezidentning kinostudiyaga taşrifi va kino sohasi vakillari bilan muloqoti yillar davomida yiğilib qolgan tizimli muammolarni hal etişga qaratilgan muhim taşabbuslarni ilgari suriş imkonini berdi. Uçraşuvda kino işlab çiqariş jarayoni, moliyalaştiriş mexanizmlari, boşqaruv tizimi, ijodkorlar manfaatlari va milliy kinoning kelgusi taraqqiyotiga daxldor bir qator masalalar yuzasidan yangi yondaşuvlar muhokama qilindi.
Eng muhim takliflardan biri davlat buyurtmasi va davlat xaridlari amaliyoti örniga filmlarni subsidiyalaş mexanizmini joriy etiş masalasidir. Bu şunçaki moliyalaştiriş tartibini özgartiriş emas, balki davlatning kino sanʼatiga bölgan munosabatida ham yangi yondaşuvni şakllantirişni nazarda tutadi.

Maʼlumki, kino işlab çiqariş oddiy davlat xaridi yoki quriliş jarayonidan tubdan farq qiladi. Film yaratişda ijodiy ğoya, rejissyorning badiiy qaraşi, ijodiy jamoaning izlanişlari, öziga xos yeçimlari hal qiluvçi ahamiyatga ega. Şu bois kino jarayoniga standart texnik topşiriqlar va maʼmuriy talablar asosida yondaşiş ijodiy imkoniyatlarni çeklab qöyişi mumkin.
Taklif etilayotgan subsidiyalaş mexanizmining mohiyati şundaki, davlat film yaratiş jarayonida bevosita buyurtmaçi sifatida emas, balki ijodiy loyihalarni qöllab-quvvatlovçi tomon sifatida iştirok etişi közda tutilmoqda. Bunda subsidiya qarz yoki xarajatning bir qismini ijodkor zimmasiga yuklaş vositasi emas, balki kino loyihalarini davlat tomonidan qöllab-quvvatlaş mexanizmi sifatida qaralmoqda.
Yana bir muhim masala ijodkorlarning ortiqça maʼmuriy jarayonlar va tekşiruvlar bilan ovora bölişini kamaytirişdir. Axir film yaratiş uçun sarflangan kuç va vaqtning natijasi, eng avvalo, ekranda namoyon bölişi kerak. Ijodkorning asosiy vazifasi hisobotlar bilan şuğullaniş emas, sifatli asar yaratişdir.
Kino sohasidagi islohotlar haqida gap ketganda, yana bir muhim savol kun tartibiga çiqadi. Nega bugun tomoşabin qalbiga yetib boradigan, uni öylantiradigan va uzoq vaqt xotirasida saqlanib qoladigan yaxşi filmlar kam?
Bu savolning javobini faqat moliyalaştiriş yoki işlab çiqariş hajmidan izlaş töğri emas. Masalaning yana bir muhim jihati ijodiy jarayonga bölgan munosabatdir. Yillar davomida filmlarni davlat buyurtmasi asosida yaratiş amaliyoti şakllandi. Albatta, muayyan mavzu yoki tarixiy voqeaga bağişlangan buyurtma asosida ham yaxşi film yaratiş mumkin. Agar taklif etilgan mavzu ijodkorning içki ehtiyoji, badiiy qaraşi va maqsadiga mos kelsa, bunday hamkorlik samarali natija beradi. Ammo mavzu faqat yuqoridan belgilanib, ijodkorning şaxsiy munosabati va içki ehtiyoji eʼtibordan çetda qolsa, film köpinça qolipga tuşib qoladi. Oqibatda yuzaki, sunʼiy va tomoşabin qalbiga yetib bormaydigan asarlar paydo böladi.
Aslida, haqiqiy sanʼatkorni muayyan mavzuga majburan yönaltiriş emas, uning ijodiy ehtiyojini anglaş va qöllab-quvvatlaş muhim. Çunki yaxşi asar, avvalo, ijodkorning qalbida tuğiladi. Uning uçun tayyor sxema, oldindan belgilangan qahramonlar yoki majburiy ijobiy va salbiy obrazlar kerak emas. Kino bugungi jamiyatning tirik manzarasini, zamondoşlarimizning haqiqiy qiyofasi va xarakterini körsata olişi lozim. Odamlar hayotda qanday bölsa, ekranda ham şunday aks etişi, jamiyatdagi murakkabliklar, ziddiyatlar va haqiqatdan çöçimaslik kerak.
– Kinoda yangilik, xarakter bölişi kerak, – deydi Özbekiston xalq yozuvçisi Erkin Aʼzam. – Bugungi filmlarda jamiyatdagi, hayotdagi jonli odamlarni, zamondoşlarni, ularning xarakterini körsatiş zarur. Bundan çöçimaslik kerak. Haqiqat aks etmagan kitob kimga kerak? Haqiqat aks etmagan kino kimga kerak? Şuning uçun qoliplar, sxemalardan qoçiş muhim. Yaxşi asar özi tuğiladi. U buyruqqa qarab ötirmaydi. U dastlab ijodkorning könglida tuğiladi. Şuning uçun yaxşi film yaratişda ijodkor birinçi örinda turadi.
Darhaqiqat, davlat buyurtmasidan subsidiyalaş mexanizmiga ötiş taklifi ham ijodkorning içki ehtiyojlari va badiiy qaraşlariga kengroq imkoniyat berişga qaratilgan yondaşuv sifatida ahamiyatlidir. Çunki yaxşi asarni buyruq yoki majburiy buyurtma asosida yaratib bölmaydi. U ijodkorning könglida pişib yetiladi, uning şaxsiy izlanişlari, hayotiy kuzatuvlari va badiiy jasorati natijasida dunyoga keladi. Demak, kino sanʼatining rivojlanişi uçun ijodkorga erkinlik beriş, uning mustaqil fikrlaşi va öz badiiy yeçimini topişi uçun şaroit yaratiş muhim.
Uçraşuvda Kinematografiya agentligi faoliyatini tugatiş va kino sohasidagi boşqaruv tizimini qayta taşkil etiş masalasi ham kötarildi. Bu davlat kino sanʼatini qöllab-quvvatlaşdan voz keçmoqda, degani emas. Aksinça, muhokama qilingan takliflar boşqaruvni ixçamlaştiriş, vakolatlarni aniq taqsimlaş va sohadagi ortiqça maʼmuriy tösiqlarni kamaytirişga qaratilgan.
Taklif etilayotgan yondaşuvga köra, kino sohasida davlat siyosatini işlab çiqiş va amalga oşiriş vazifalarini Madaniyat vazirligi zimmasiga ötkaziş, buning uçun vazirlik tarkibida alohida departament taşkil etiş közda tutilmoqda. Filmlarni saralaş, işlab çiqarişga yönaltiriş va ijodiy jarayonlarni muvofiqlaştiriş funksiyalarini esa «Özbekfilm» kinokompaniyasiga ötkaziş masalasi muhokama qilindi.
Bunday taqsimotning zarurati şundaki, ilgari davlat siyosatini yuritiş va ijodiy jarayonni taşkil etiş vazifalari bir tizimda jamlangan edi. Natijada maʼmuriy kelişuvlar, vakolatlarning takrorlanişi va taşkilotlar örtasidagi muvofiqlaştiriş muammolari loyihalarning keçikişiga sabab bölişi mumkin edi. Taklif etilayotgan yangi yondaşuv esa kinodagi siyosatni belgilaş va uni amalga oşiriş jarayonlarini bir-biridan ajratiş, masʼuliyat çegaralarini aniqlaştirişga qaratilgan.
Şu bilan birga, «Özbekfilm»ning kinokompaniya sifatida faoliyat yuritişiga oid takliflar ham muhim ahamiyatga ega. Bu, avvalo, xalqaro kino taşkilotlari bilan hamkorlik qiliş va professional aloqalarni kengaytiriş uçun taşkiliy imkoniyat yaratişi mumkin. Zero, jahon kino sanoatida davlat siyosatini yurituvçi taşkilot bilan film işlab çiqaruvçi kinokompaniyaning vazifalari bir-biridan farq qiladi.

«Özbekfilm» nomining qayta tiklanişi esa alohida ramziy maʼnoga ega. Bu nom özbek kino sanʼatining köp yillik tarixi, ustoz ijodkorlar mehnati va milliy kino maktabining ramzidir. Kinosaroy, muzey va fondning ham uşbu nom bilan atalişi yagona milliy brendni şakllantiriş yölidagi muhim taşabbuslardan biridir. Bu orqali nafaqat tarixiy nom, balki şu nom bilan boğliq ijodiy meros va qadriyatlarni ham asrab-avaylaşga eʼtibor qaratilmoqda.
Davlat rahbari bilan bölib ötgan uçraşuvda soha vakillarining ijtimoiy şaroitlarini yaxşilaş masalasi ham eʼtibordan çetda qolmadi. Yaqinda rekonstruksiyadan çiqqan «Köhinur» sanatoriysining «Özbekfilm» ixtiyoriga berilişi haqida eʼlon qilingani kino ustozlari va ijodkorlar uçun muhim yangilik böldi. U yerda dam oliş şaroitlari bilan bir qatorda, kiçik kinozal taşkil etiş, ijodiy guruhlar faoliyatini yölga qöyiş va yangi loyihalar ustida işlaş uçun zarur imkoniyatlar yaratiş rejalaştirilgani ham taʼkidlandi. Bu taşabbus kino sohasida köp yillar mehnat qilgan ustozlarga bölgan hurmat va eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida ahamiyatlidir.
Yana bir eʼtiborli yönaliş kinoşunoslik va kino tanqidçiligini qöllab-quvvatlaşdir. Zero, kino sanʼatining rivojlanişida mukammal filmlar yaratilişi bilan birga ekran asarlarini professional tahlil qiladigan, badiiy yutuq va kamçiliklarni asosli körsata oladigan mutaxassislar mavjudligi ham muhim. Şu maʼnoda, kinoşunoslarni qöllab-quvvatlaş uçun alohida klub taşkil etiş taşabbusi sohada professional tahlil va soğlom tanqid muhitini şakllantirişga xizmat qilişi mumkin.
— Kino sohasiga oid bunday ğoyalar va islohotlarning ilgari surilişi davlatimiz rahbarining soha ravnaqiga eʼtibori, mehri va qilayotgan işlarimizga bölgan hurmatini anglatadi, – deydi Özbekiston xalq artisti Matyoqub Matçonov. – Işonamanki, bunday eʼtibordan keyin kinoçilarning davlatimiz rahbari oldida yuzi yoruğ böladi.
Umuman olganda, kino ijodkorlari bilan muloqotda bildirilgan taşabbuslar milliy kino sohasida faqat taşkiliy yangilanişlarga emas, balki boşqaruv va ijod örtasidagi munosabatlarni qayta körib çiqişni közda tutişi bilan ham ahamiyatlidir. Kinoni davlat tomonidan qöllab-quvvatlaş mexanizmlarini takomillaştiriş, vakolatlarni aniq taqsimlaş, «Özbekfilm» brendini rivojlantiriş va ijodkorlar uçun yangi imkoniyatlar yaratişga doir takliflar milliy kinematografiyaning kelgusi taraqqiyoti uçun muhim yönalişlarni belgilab beradi.
Eng muhimi, soha muammolarining oçiq muhokama qilinişi, ijodkorlar fikriga quloq tutilişi va kino sanʼatining kelajagiga daxldor masalalarga yangiça yondaşuv şakllanayotganidir. Çunki milliy kinoning haqiqiy taraqqiyoti, avvalo, ijodkor erkinligi, soğlom boşqaruv va sifatli asarlar yaratiş uçun zarur muhit mavjudligi bilan belgilanadi.
Nazokat Usmonova,
ÖzA muxbiri