O‘zbek ayollari texnologiyada qanday natija ko‘rsatmoqda?
Texnologiya sohasida o‘zbekistonlik ayollar o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
Buni bu yilgi «Women in Tech CCA Awards» mukofotining mintaqaviy bosqichida O‘zbekistondan 15 nafar ayol finalga chiqqanidan ham ko‘rish mumkin.
13-oktabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari vakillari ishtirokida taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. O‘zbekistonlik finalchilar 9 ta nominatsiyada ishtirok etmoqda.
Ular orasida sun’iy intellekt, Web3, startaplar, tadbirkorlik, ilm-fan, muhandislik va ta’lim sohalarida ishlayotgan ayollar bor. Ayrimlari yoshlar bilan ishlasa, boshqalari yangi texnologiyalar yaratish, startaplarni rivojlantirish va texnologik hamjamiyatlarni shakllantirishga hissa qo‘shmoqda.

Bu yilgi natija O‘zbekiston uchun rekord ko‘rsatkich. 2024-yilda mamlakatimizdan 9 nafar, 2025-yilda esa 3 nafar finalchi ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 15 nafarga yetdi.
Mazkur natija raqamli sohada xotin-qizlar uchun imkoniyatlar kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bu ayollar nafaqat texnologiyadan foydalanmoqda, balki yangi g‘oya, loyiha va yechimlarni ham yaratmoqda.
Mintaqaviy bosqich g‘oliblari 3-dekabr kuni Parijda o‘tadigan «Women in Tech Global Awards» tanlovida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi nomidan ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA