Zamonaviy avtodrom foydalanishga topshirildi
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashabbusi bilan barpo etilgan zamonaviy avtodrom foydalanishga topshirildi.
Tuman o‘quv sport-texnika markazida yangidan qurilgan smart-avtodrom ommaviy kasb xodimlarini tayyorlashni takomillashtirish, yoshlarning haydovchilik mahoratini oshirish, amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini puxta o‘zlashtirish hamda sportning texnik va amaliy turlariga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tashkilot tizimi uchun xarid qilingan zamonaviy avtotransport vositalarining kalitlari tantanali ravishda taqdim qilindi. Jumladan, 12 ta «Onix» rusumli avtomobil, 6 ta «Kia Sonet» rusumli avtomashina hamda 2 ta «Foton» va «FAW» rusumli yuk avtomobili, jami 20 ta yangi avtotransport vositasi o‘quv sport texnika markazlari ixtiyorida bo‘ladi.
[gallery-32167]
Tantanali marosimda qatnashgan “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi Husan Botirov, Kosonsoy tumani hokimi Dilmurod Qodirov malakali haydovchilarni tayyorlash sifatini oshirish maqsadida xarid qilingan yangi texnikalar moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quv-mashg‘ulotlar sifatini oshirish va yoshlarni zamonaviy talablar asosida ommaviy texnik kasblarga tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga katta turtki berishini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
– 1980-2024-yillarda sobiq “DOSAAF”, keyinchalik “Vatanparvar” tashkilotining avto maktablarida faoliyat yuritganman. Bizni davrimizda bugungidek zamonaviy shart-sharoitlar bo‘lmagan, texnikalarimiz sifatsiz edi. Hozirgi yoshlarimiz yaratilgan imkoniyat va g‘amxo‘rliklardan unumli foydalanib, turli yo‘nalishlarda kasblarni o‘zlashtirishlariga ishonchimiz komil, – deydi kosonsoylik mehnat faxriysi Alijon To‘laboyev.
Tadbir davomida texnik va amaliy sport seksiyalarida foydalaniladigan sport texnikalari ham namoyish etildi.
Mehmonlar va yoshlarga «Vatanparvar»ning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan esdalik sharaf lentalari ulashildi.
Bu o‘z navbatida tashkilot faoliyatiga nisbatan hurmat va faxr tuyg‘ularini mustahkamlash, yoshlar qalbida vatanparvarlik ruhini yuksaltirishda alohida o‘rin tutadi.
Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy smart-avtodromning ishga tushirilishi va texnika parkining takomillashtirilishi tashkilotning moddiy bazasini mustahkamlash, navqiron avlod vakillarini kasbga yo‘naltirish va malakali mutaxassislar etib tayyorlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari