O‘zA ijodkorlari Surxondaryoning turistik salohiyatidan o‘zgacha ilhom oldi (+video)
O‘zbekiston Milliy axborot agentligining bir guruh ijodkorlari “O‘zA kunlari” loyihasi doirasida ikki kun Surxondaryo viloyatida bo‘lib, viloyat hokimligi hamkorligida ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, joylarda yuz berayotgan o‘zgarishlarning odamlar hayotini o‘zgartirishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr almashdi. O‘zAning hududdagi faoliyatini yanada rivojlantirishga ko‘maklashib, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini keng targ‘ib qilish yuzasidan galdagi vazifalarni belgilab oldi. Joylardagi yangilanish va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishib, qiziqarli maqolalar, videolavhalar tayyorladi.
Ijodiy safarning ikkinchi kuni mehmonlar vohaning jozibador turistik salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov loyiha ishtirokchilariga qadimiy vohada turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Unda muqaddas tarixiy obidalar, arxeologik yodgorliklarga boy hududda eko, gastronomik, agro, tibbiy turizm yo‘nalishlari ham rivojlanib borayotgani qayd etildi. Sangardak, Omonxona kabi so‘lim go‘shalarda turizmning yangi qirralari bo‘y ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Shu kuni loyiha qatnashchilari dunyoga maftunkor sharsharasi bilan tanilgan Sangardak turizm markazida bo‘ldi. Sariosiyo tumanida dengiz sathidan ikki ming metr balandlikda joylashgan sharshara atrofida ishga tushirilgan zamonaviy inshootlar va olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Purviqor tog‘lar qo‘ynida dengiz sathidan 1 ming 500 metr balandlikda qad rostlagan 200 o‘rinli “Sangardak” sanatoriysida bo‘ldi.

Zamonaviy va milliy me’moriy yechimlar asosida qurilgan yetti qavatli sog‘lomlashtirish maskanida dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tog‘ iqlimi, tabiatining shifobaxsh xususiyatiga ko‘ra, yuqori nafas yo‘llari, allergiya, astma, asab, yurak qon-tomir, urologik, ginekologik, harakat-tayanch tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan sanatoriydagi davolash xonalari bilan tanishdi. Dam oluvchilar bilan suhbatlashdi.
– Farg‘ona viloyatidagi Mingdon qishlog‘idan kelganman, – deydi 69 yoshdagi mehnat faxriysi Asadullo Qayumov. – Buyuk Termiziylar mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib, sanatoriyda davolanyapman. Tog‘lar bag‘ridagi bu joyning toza havosi va tibbiyot xodimlarining shirinsuxanligi ham insonni tetiklashtirib, salomatligini tiklashga ko‘maklashar ekan. Davolanish uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Toza, ozoda. Ikki-uch kunda tanangiz yayrab, muolajalar nafini sezasiz. Bunday sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz.
Loyiha dasturiga koʻra, sanatoriyda oʻtkazilgan ochiq muloqotda OʻzA Hududiy tahririyati bosh muharriri A.Taypatov, yetakchi muharriri, shoir T.Niyozov, xalqaro axborot tahririyati boʻlimi bosh muharriri oʻrinbosari Gʻ.Xonnazarov va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari haqida fikr almashdi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligining vazifalari, yurtimizda yuz berayotgan yangilanishlarni mamlakatimiz va dunyodagi o‘quvchilariga tezkor tanishtirishdagi xizmati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. Viloyatda olib borilayotgan islohotlarning odamlar hayotini o‘zgartirayotganidan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Nafis she’rlar o‘qilib, sog‘lomlashtirish maskanida xizmat qilayotgan tibbiyot va boshqa xodimlarning sharafli ishlariga omad tilashdi.
[gallery-31646]
Prezidentimizning 2024-yil 16-dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm ob’ektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Sangardak turizm qishlog‘ida 615 gektar maydonda turizm markazi bunyod etilmoqda. Uni to‘liq ishga tushirish uchun 913 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi.
O‘tgan davrda so‘lim go‘shada sayyohlar uchun dor yo‘li, ziplayn attraksioni, ko‘l bo‘ylab qayiq sayri xizmati, tog‘ halinchagi, zamonaviy dam olish va shale tipidagi uylar, ovqatlanish shoxobchalari va boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtalari ishga tushirildi. Balandligi 150 metrli noyob sharshara atrofida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun qulay dam olish sharoitlari yaratilmoqda.
Bu yerda “Sangardak” turizm markazining barpo etilayotgan sayyohlar oqimini kengaytirmoqda. Jumladan, ma’lumotlarga ko‘ra, shu yil yoz faslida har kuni tog‘ qo‘ynidagi markazga o‘rtacha 5-7 ming turist kelib, miriqib hordik chiqardi. Kuz shabadasi esib, tog‘ bag‘riga salqin tushib qolgan faslda ham turistlarning kunlik oqimi 2 - 2,5 ming kishini tashkil etmoqda.
– Mu’jizalar makoniga tushib qolgandek his etyapman o‘zimni, – deydi shoir Turob Niyozov. – Bu joyning nafaqat mo‘’jizakor sharsharasi balki, toza, musaffo, turli giyohlar hidi ufurib turgan havosi, tog‘ tizmalarining boshqa hududlarga nisbatan jozibadorligi ham kishiga ilhom bag‘ishlar ekan. Ona tabiatning bunday ijodkorligiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.
Viloyatda o‘tkazilgan “O‘zA kunlari” dagi samimiy suhbatlar, voha hayoti bilan yaqindan tanishuv va dilkash, mehnatsevar, samimiy insonlarining ulkan bunyodkorlik ishlari hali ko‘plab qiziqarli maqolalarga mavzu bo‘ladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Yoqubjon Meliboyev (video)
O‘zA muxbirlari