O‘yin murosasiz va esda qolarli bo‘ldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi 15-turini yakunlab bergan Toshkentning “Olimpik” va Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin gollarga boy bo‘ldi.
Uchrashuv maydon egalarining hujumlari bilan boshlandi. “Olimpik” futbolchilari uchrashuv boshidayoq mehmonlar darvozasini ishg‘ol etdi. Ammo o‘yindan tashqari holat qayd etilgani uchun golni hakamlar hisobga olmadi.

Uchrashuvning 8-daqiqasida “So‘g‘diyona” sardori Javohir Qahramonov toshkentliklar jarima maydonchasini yorib kirdi va himoyachilar uni o‘yin qoidasini buzgan holda to‘xtatib qoldi. Bu ikki jamoa bahsini boshqarib borgan bosh hakam Temur To‘xtasinov “Olimpik” darvozasi tomon penalti belgiladi. Ushbu holatda “jabrlanuvchi” Javohir Qahramonovning o‘zi 11 metrlik belgidan aniq zarba berib hisobni ochdi – 0:1.

Shundan so‘ng mezbonlarning o‘yini yanada keskinlashib, “So‘g‘diyona” darvozasi oldida xavfli vaziyatlar sonini oshirdi va bahsning 23-daqiqasida Jasurbek Jaloliddinovning to‘p uzatishidan so‘ng jizzaxlik himoyachilar xatosidan unumli foydalangan Temur Mamasidiqov gol kiritib o‘rtadagi muvozanatni tikladi – 1:1.

Oradan 6 daqiqa o‘tar-o‘tmay, VAR aralashgach, maydon egalari foydasiga 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi. O‘yindan so‘ng, ushbu uchrashuvning “Eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan Jasur Jaloliddinovning tepgan to‘pi yo‘nalishini “So‘g‘diyona”ning serbiyalik posboni Milan Mitrovich topib, uni qaytardi ham, ammo zarba kuchli bo‘lganligi uchun to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tdi va gol inobatga olindi – 2:1.
Muxlislar o‘yinning birinchi bo‘limi shu hisobda nihoyasiga yetsa kerak, deb turgan bir vaqtda, maydon egalari darvozadan chamasi 20 metrlar olislikda o‘yin qoidasini buzib, jarima zarbasi belgilandi. Mehmonlar tarkibida o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish etgan Javohir Qahramonovning bergan zarbasi darvoza ustuniga tegib maydonga qaytdi va to‘pga hammadan birinchi yetib borgan “So‘g‘diyona”ning yana bir xorijlik legioner to‘p urari Zenan Zaymovich uchrashuvning 45-daqiqasida gol kiritib, jamoalarni 2:2 hisobida tanaffusga chiqib ketishini ta’minladi.

O‘yining ikkinchi bo‘limi ham keskin va ochiq kurashlar ostida o‘tdi. Faqat, Toshkentdagi “Jar” stadionida chiroqning o‘chib qolib, hakam tomonidan o‘yinning asosiy vaqtiga 15 daqiqa qo‘shib berilgani bilan ishqibozlar yodida ko‘proq qolgan bo‘lsa ajab emas.
Lekin, ana shu qo‘shib berilgan daqiqalarda futbol muxlislari yana 2 golga guvoh bo‘ldi. Dastlab 90+5-daqiqada mehmonlar futbolchisi Alisher Salimovning uzatmasidan so‘ng, zaxiradan maydonga tushgan Samandarjon Mavlonqulov “So‘g‘diyona”ni yana oldinga olib chiqdi – 2:3.
Ammo jizzaxlik muxlislarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Uchrashuvning 90+7-daqiqasida “Olimpik” futbolchisi Nodir Abdixoliqovni darvoza tomon yo‘llagan zarbasiga Asadbek Jo‘raboyev boshini qo‘yib, yo‘nalishni o‘zgartirib yubordi va o‘rtadagi muvozanat yana tiklanishiga sabab bo‘ldi – 3:3.

15-turning yana bir yodda qolarli jihati, chempionlikka asosiy da’vogarlarning ochko yo‘qotishi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, “Paxtakor” Toshkentda “Neftchi” (Farg‘ona)ga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ygan bo‘lsa, “Navbahor” (Namangan) Bekobodda “Metallurg”dan o‘yinning so‘ngi daqiqasida gol o‘tkazib yuborib, durang – 1:1 natija qayd etishga majbur bo‘ldi. Qarshining “Nasaf” jamoasini Yaypanda “Turon”dan 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lishini esa juda ko‘pchilik “sensatsiya!” degani shubhasiz.
Ushbu turning qolgan o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Andijon” (Andijon) – “Surxon” (Termiz) – 0:0, “Buxoro” (Buxoro) – “Qizilqum” (Navoiy) – 1:0, “Bunyodkor” (Toshkent) – OKMK (Olmaliq) – 1:1.
Mazkur turning 6 uchrashuvida raqiblar darvozasiga 7 gol urilgan bo‘lsa, Toshkentdagi “Olimpik” va “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi o‘yin 6 gol kiritilgani bilan ishqibozlarning esida qoladigan bo‘ldi.
A.QAYUMOV, O‘zA