Otishma qurbonlari – begunoh insonlar: Shvetsiyada xavfli tendensiya kuchaydi
Shvetsiyada jinoiy guruhlar o‘rtasidagi otishmalar ko‘paygani aytilmoqda. Mamlakat politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda 23 nafar begunoh inson shunday hodisa qurboniga aylangan, 30 kishi jarohat olgan. Marhumlar orasida tasodifan o‘qqa duch kelganlar, adashib nishonga olinganlar va jinoiy guruh a’zolarining yaqinlari bor.
Shvetsiya milliy politsiyasi Amaliyot bo‘limi vakili Aleksander Vallenius ta’kidlashicha, bunday salbiy holatning asosiy sababi jinoyat sodir etayotganlar juda yoshligi bilan bog‘liq. Zo‘ravonlarning ko‘pchiligi tajribasiz. Shu jihat begunoh odamlar jabrlanishi ehtimolini oshiryapti.
Qayd etilishicha, jinoiy guruhlar ijtimoiy tarmoq va yashirin ilovalar orqali o‘smirlarni guruhga jalb qilmoqda. Aksari 15 yoshga to‘lmagan bu bolalar, mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Ayni chegara voyaga yetmaganlarni yovuz niyatlilar uchun “qulay ijrochi”ga aylantirmoqda.
Hukumat vaziyatni nazoratga olish maqsadida keskin choralar tayyorlamoqda. Jumladan, "TikTok" va "Snapchat" kabi platformalardan jinoyatga chorlovchi materiallarni bir soat ichida o‘chirish talab qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, og‘ir jinoyat uchun javobgarlik yoshini 15 dan 13 ga tushirish taklifi ham muhokama qilinmoqda.
Musulmon Ziyo,
O‘zA