Meloni: Internetdagi manipulyatsiyadan ehtiyot bo‘ling
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan o‘zining soxta fotosuratlari tarqalganiga munosabat bildirdi. “Reuters” nashrining xabar berishicha, ushbu “deepfake” tasvirda hukumat rahbari odob doirasidan tashqaridagi holatda aks ettirilgan.
Meloni o‘zining “Facebook” sahifasida ushbu soxta fotosurat shaxsiy va siyosiy hujum vositasi ekanini ta’kidlab, fuqarolarni internetdagi ma’lumotlarga nisbatan hushyor bo‘lishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi texnologiyalar odamlarni osongina aldashi va manipulyatsiya qilishi mumkin.
- Men o‘zimni himoya qila olaman, biroq hamma ham bunga qodir emas, -deya qo‘shimcha qildi u.
Meloni bilan bog‘liq bu shov-shuvli holat birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Avvalroq Rimdagi diniy inshootlardan biridagi farishta haykali bosh vazirga o‘xshatilgani ham ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA