Ot sportida yil qanday yakunlandi?
So‘nggi yillarda, mamlakatimizda sportni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan barcha sport turi qatori ot sportini ham jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nufuzli musobaqalarni xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish, ot sportini milliy va zamonaviy turlari bilan uyg‘un rivojlantirish, joylarda zamonaviy maktablar faoliyatini yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yuzdan ziyod davlat ot sporti federatsiyalarini birlashtirgan Xalqaro ot sporti federatsiyasiga mamlakatimiz yilqichilik va ot sporti federatsiyasi 1993 yilda a’zo bo‘lgan. Federatsiya tomonidan mazkur sport turining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor yurtimizda zotdor otlarni yetishtirish va parvarishlash, ot sporti tuzilmalarini zarur vosita va anjomlar bilan ta’minlash, yosh chavandozlar bilan tizimli mashg‘ulotlar olib borish, tajribali chavandozlarimizning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishiga erishishga xizmat qilmoqda.



Hozirgi kunda Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand viloyatlarida ot sporti bo‘yicha bir qator to‘garak va klublarda yosh chavandozlar tajribali murabbiy va mutaxassislardan mazkur sport turini o‘rganmoqda. Mamlakat miqyosida muntazam tashkil etilayotgan chempionat va birinchiliklar ularning tajriba-mahoratini oshirishga xizmat qilayotir.
Joriy yilgi sport mavsumida chavandozlarimiz Saudiya Arabistoni, Xitoy, AQSH, Rossiya, Polsha, Germaniya, Ispaniya, Latviya, Slovakiya, Italiya, BAA, Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘istonda o‘tkazilgan jami 65 ta xalqaro musobaqada qatnashib, 157 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi tomonidan 55 ta musobaqa o‘tkazildi. Aniqrog‘i, to‘siqlardan sakrash bo‘yicha 35 ta, ot yo‘rttirish bo‘yicha 15 ta, uchkurash bo‘yicha 5 ta musobaqa tashkil etildi. Ushbu musobaqalarning 8 tasi xalqaro, 47 tasi esa milliy turnirlardir. Shuningdek, O‘zbekiston hududida 3 ta seminar-trening tashkil qilindi. Ot sportchilarimiz milliy musobaqalarda jami 180 ta medalni qo‘lga kiritdi.



– 2023 yil chavandozlarimiz uchun ham ancha omadli mavsum bo‘ldi. Ular ko‘plab xalqaro turnirlarda shohsupaga ko‘tarildi, – deydi O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev. – Jumladan, ot sporti bo‘yicha milliy terma jamoa a’zosi Nurjon Tuyoqboyev aprel oyida AQSHning Omaxa shahrida ot sportining to‘siqlardan sakrash turi bo‘yicha o‘tkazilgan “Jahon kubogi” final bosqichida ishtirok etdi. Bu esa mamlakatimiz ot sportida tarixiy natija hisoblanadi. Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning ot sporti rivojlangan davlatlarining yuqori darajali chavandozlari ishtirokini inobatga olish kerak.

Shuningdek, ot sportining boshqa turlari singari uchkurash yo‘nalishida ham ijobiy natijalar bilan esda qolarli yil bo‘ldi. Sababi, tariximizda ilk bor uchkurash bo‘yicha chavandozimiz Jasur Xotambekov Yevropada xalqaro turnirlarda ishtirok etib, Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX Osiyo o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ot sporti bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari shaxsiy natijalardan tashqari jamoaviy bahslarda ham ijobiy tomondan o‘zlarini namoyon etdi. 29 sentyabr va 2 oktyabr kunlari Ispaniyaning Barselona shahrida o‘tkazilgan “Millatlar kubogi” finali bahslarida chavandozlarimiz Bekzod Qurbonov, A’zam Tolibboyev, Abdurahmon Abdullayev va Umidjon Komilov munosib ishtirok etdi. Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkzilgan XIX Osiyo o‘yinlarida to‘siqlardan sakrash yo‘nalishi bo‘yicha jamoaviy bahslarda 7-o‘rindan joy oldik.
Quvonarlisi, bugun ot sportida o‘zbek chavandozlarining o‘z o‘rni bor va mazkur sport turi jadal ommalashgan boshqa davlatlar, bizning sportchilarga jiddiy raqib sifatida qaramoqda, terma jamoalarimiz a’zolarining har bir harakatini o‘rganayotir.
Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari vaqtida Osiyo ot sporti federatsiyasining navbatdagi hisobot saylov konferensiyasi o‘tkazildi. Ushbu konferensiyada vitse prezidentlar saylovi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev to‘rt bosqichdan iborat bo‘lgan saylov natijalariga ko‘ra, Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse prezidenti lavozimiga saylandi.

Bugun O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev mazkur sportni yanada ommalashtirish, chavandozlarni xalqaro miqyosdagi musobaqalarga tayyorlash, ularning otlari uchun maxsus e’tiborni kuchaytirish borasida keng islohotlar olib bormoqda. Shuningdek, terma jamoamiz safida musobaqalarda ishtirok etib, yosh sportchilarimizni g‘alaba tomon undamoqda.
Yuqorida ushbu soha bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ayrim raqamlar bejizga keltirilmadi. Sababi, har bir erishilgan yutuq va raqamlar avvalgi yillar bilan taqqoslanganda soha rivoji qay tarzda ketayotgani oydinlashadi.
Demak, chavandozlarimiz bu yil hisobidan 65 ta xalqaro musobaqada ishtirok etdi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilda 25 ta, 2022 yilda esa 26 tani tashkil etgan. O‘tgan yili esa bor-yo‘g‘i 136 medalga sazovor bo‘lgan edik. Bu yilgi xalqaro medallarimiz soni 157 tani tashkil etdi.
Umid qilamizki, chavandozlarimiz 2024 yilgi musobaqalarda yanada ko‘proq qatnashib, yuksak marralarga ko‘tariladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA