Osiyo o‘yinlari: O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Xitoy bilan durang o‘ynadi
Osiyo o‘yinlari ayollar futboli musobaqasining 2-turida O‘zbekiston terma jamoasi Xitoy bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
O‘zbekiston 41-daqiqada Xolida Dadaboyeva tomonidan kiritilgan gol evaziga oldinga chiqdi. Xitoyliklar 70-daqiqada Jan Lin Yangning goli bilan hisobni tenglashtirdi. Qolgan vaqtda natija o‘zgarmadi.
Terma jamoamiz Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini ham durang bilan boshlagan edi. 14-sentabr kuni Filippinga qarshi bahsda O‘zbekiston 1:1 hisobini qayd etdi.

G guruhida Xitoy 2 ta uchrashuvdan 4 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. O‘zbekiston 2 ta o‘yindan 2 ochko jamg‘arib, ayni paytda 2-o‘rinni egallamoqda. Filippinda 1 ta o‘yindan 1 ochko, Hong Kongda esa hozircha ochko yo‘q. Shu bilan birga, Filippin — Hong Kong uchrashuvi hali o‘tkazilmagani sababli (15:00 da boshlanadi) jadvaldagi vaziyat o‘zgarishi mumkin.
O‘zbekiston guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvini 21-sentabr kuni Hong Kongga qarshi o‘tkazadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 12:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.

Musobaqa nizomiga ko‘ra, har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rin sohiblari orasidan eng yaxshi natija qayd etgan ikki terma jamoa chorak finalga yo‘l oladi.
O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport