Osiyo forumiga O‘zbekiston yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rgani e’tirof etildi
Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlarining II forumida ishtirok etayotgan BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze kelajak haqida muloqot aynan tarixiy Buxoroda olib borilayotgani chuqur ramziy ma’noga ega ekanini e’tirof etdi.
– Buxoro asrlar davomida ilm-fan, ma’rifat, madaniyatlararo muloqot va diplomatiya markazi bo‘lib kelgan, – dedi Kaxa Imnadze. – Bugun esa ushbu qadimiy shahar mintaqa ayollarining yetakchiligi, ilmiy salohiyati va hamkorlik tashabbuslarini birlashtiruvchi muhim maydonga aylanmoqda.

– Bugun tobora ko‘proq ayollar ilm-fan yo‘lini tanlamoqda, – dedi Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi raisi o‘rinbosari Jildiz Taalaybekovna. – Ularning tadqiqotlari, innovatsion g‘oyalari va yetakchilik salohiyati zamonaviy chaqiriqlarga munosib javob topishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bois, ushbu forum mintaqa ayol olimalarining hamkorligini kuchaytirish, tajriba almashish va yangi ilmiy tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

– Bugungi kunda mamlakatlarimizning asosiy e’tibori mintaqada o‘zaro ishonchni mustahkamlash, konstruktiv muloqotni rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan, – dedi Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Namoyandagon Majlisi Ijtimoiy masalalar, oila va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Javhari Mujibaxon.

– Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotini ushbu izchil hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida ko‘ramiz. Shuningdek, O‘zbekistonda mazkur tadbirlarga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganini alohida ta’kidlamoqchiman.
N.Abduraimova, O‘zA