Madaniy meros ob’ektlarini kadastrga kiritish ishlari kuchaytiriladi
O‘zbekistonda madaniy meros ob’ektlarini asrash va kelajak avlodga yetkazish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Davlat himoyasidagi tarixiy obidalar, arxeologik yodgorliklar va me’moriy inshootlar ro‘yxati yanada kengaytirilib, milliy merosni muhofaza qilish tizimi takomillashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-maydagi tegishli qaroriga muvofiq, Hukumatning 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur qaror mamlakatimiz hududidagi moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, ularning tarixiy-madaniy qiymatini asrab-avaylash hamda davlat himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Qarorga asosan, Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari, Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan arxeologik yodgorliklar, tarixiy va me’moriy inshootlar, monumental san’at ob’ektlari hamda diqqatga sazovor maskanlarning milliy ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi. Natijada bir qator yangi ob’ektlar davlat muhofazasiga olinib, ularga madaniy meros maqomi berildi.

Shuningdek, ayrim ob’ektlarning balans saqlovchilari, foydalanish huquqi hamda muhofaza hududlariga oid ma’lumotlar ham yangilandi. Bu esa madaniy meros ob’ektlarini asrash, ulardan oqilona foydalanish va kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Hujjatga asosan, Madaniy meros agentligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ob’ektlarni belgilangan tartibda davlat kadastriga kiritib borish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, moddiy madaniy meros ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish, ularning texnik holatini monitoring qilish hamda davlat muhofazasini mustahkamlash ishlari izchil davom ettiriladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, shu kungacha milliy ro‘yxatga kiritilgan 8370 ta madaniy meros ob’ekti davlat muhofazasiga olingan edi. Yangi tasdiqlangan qarorga asosan yana 67 ta yangi ob’ekt ro‘yxatga qo‘shilib, muhofazadagi ob’ektlar soni 8437 taga yetdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA