Osiyo chempionatida 21 nafar yosh shaxmatchimiz ishtirok etadi
Ertaga Xitoyning Shenjon shahrida shaxmat bo‘yicha 8, 10 va 12, 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari boshlanadi.
Kuni kecha O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan mazkur qit’a birinchiligida necha nafar shaxmatchi Vatanimiz sharafini himoya qilishi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 28-bor tashkil etilayotgan mazkur qit’a chempionatida umumiy hisobda 21 nafar yosh shaxmatchi O‘zbekiston bayrog‘i ostida dona surishi belgilangan.
Musobaqalarda umumiy hisobda 31 ta mamlakatdan 900 dan ortiq sportchi ishtirok etish talabnomalarini taqdim etgan bo‘lsa, chempionatda eng ko‘p qatnashchi Xitoy, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionati doirasida 16-iyul kuni 7 ta turdan iborat rapid musobaqalari hamda 24-iyul kuni 9 ta turni qamrab olgan blits o‘yinlari tashkil etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA