Osiyo chempionati: 7 yoshli Muhammadyusuf rossiyalik shaxmatchini mag‘lub etdi
Bugun, 7-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasining Tula viloyatida shaxmat bo‘yicha 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan 20-Osiyo chempionatining 8-tur musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
12 ta mamlakatning yosh aql gimnastikachilari dona surayotgan mazkur qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Muhammadyusuf Bahromov 7 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi bugungi 8-tur musobaqasida shri-lankalik Sadesh Teshan Fernando bilan ro‘baro‘ keladi.
Ortda qolgan 7-tur bahsida iqtidorli shaxmatchimiz oq donalarda rossiyalik Roman Yanovskiyni mag‘lub etdi va 6 ochko jamg‘arib, 2-pog‘onadagi o‘rnini mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi.

8-tur o‘yinlari ostonasida hindistonlik Dxaranipatiya Ximalan 6,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. 3-o‘rinni 5 ochko to‘plagan turkmanistonlik Xangeldi Muratov band etib turibdi.

Bugungi turda shuningdek, chempionatda yetakchilik qilayotgan hindistonlik Dxaranipatiya musobaqada 5 ochko bilan 4-o‘rinda harakatlanayotgan qozog‘istonlik Alinur Bauyurxan bilan, 3-o‘rinni sohibi Xangeldi Muratov rossiyalik Roman Yanovskiy bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat Osiyo chempionati musobaqalari ertaga 8-oktabr kuni yakunlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA