Osiyo bolalari – kelajak quvvati
Rossiya Federatsiyasining uzoq sharqdagi markaziy shaharlaridan biri bo‘lgan Vladivostokdagi “Fetisov sport arena” majmuasida VII “Osiyo bolalari” o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali ochilish marosimida o‘yinlarda ishtirok etayotgan 13 ta davlat hamda Rossiya Federatsiyasining 8 ta mintaqasi jamoalari tantanali paraddan o‘z bayroqlarini ko‘targan holda o‘tishdi.
E’tiborli jihati, musiqa sadolari ostida tashkil etilgan ochilish marosimida O‘zbekiston sport delegatsiyasi hur bayrog‘imizni baland ko‘targan holda ko‘rinish berganda yurtimiz sport delegatsiyasining libosi boshqa ishtirokchi davlatlardan alohida ajralib turdi.
Vatanimiz bayrog‘ini Osiyo chempioni Temur Abduvahobov olib o‘tdi. Uning ortida harakatlangan yuzlab sportchilar qatori, bir paytlari jahon sport maydonlarida yorqin g‘alabalarga erishib, bugun bo‘lg‘usi chempionlarni tarbiyalayotgan taniqli murabbiy-mutaxassislar – Erkin Qutiboyev, Bekzod Xidirov, Shavkat Jo‘rayev, To‘lashboy Doniyorov, Roman Shakirov, Saida Burxonxo‘jayeva kabilarning ham borligi mahalliy ishqibozlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Bu, O‘zbekiston sportida chempionlik an’analari davom etajakligidan dalolatdir.
– O‘yinlarning ochilish marosimida O‘zbekiston bayroqdori etib meni tanlashganligidan juda xursand bo‘ldim. Bu, bildirilgan katta ishonch va mas’uliyat, deb bilaman. Istagim, shunday sharafga Olimpiya va qit’a o‘yinlarida ham erishsam deyman. O‘zim Andijonning Izboskanidanman. Bunday baxtga erishganimdan ayniqsa mahallamizdagidlar, otan-onam, tengdoshlarim xursand bo‘lishgani shubhasiz, – deydi Temur Abduvahobov.
Ochilish marosimining yana bir ahamiyatli jihati, uzoq sharqning o‘tmishi, bu betakror, sirli o‘lkada yashagan shamanlar, turkiy ellar tarixi sahnalashtirilgan ko‘rinishlarda ifoda etildi.
“Osiyo bolalari – kelajak quvvati” shiori ostida boshlangan o‘yinlarga bugungi kunda koinotda faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh fazogirlarning tabrigi ham onlayn yetkazilganligi ko‘pning e’tiborini tortdi.
Albatta, sport tinchlik, do‘stlik elchisi. Ushbu musobaqa sportni ommalashtirish, uning qamrovini kengaytirish, ayniqsa yoshlar qalbida yanada sportga bo‘lgan qiziqishni mustahkamlashga xizmat qiladi. “Osiyo bolalari” o‘yinlari olimpizm g‘oyalarining mantiqiy davomi, uning muhim irmog‘i sifatida tashkil etilganligi va doimiy bardavomlik kasb etishi ta’kidlandi.
14-16 yoshli o‘smirlar va qizlar o‘rtasida boshlanayotgan mazkur xalqaro sport o‘yinlarida O‘zbekiston sport jamoasi 174 nafar sportchi bilan qatnashayotganligi yurtimizning xalqaro sport hamjamiyatida, olimpiya harakatini yanada rivojlantirishda o‘z munosib o‘rni borligidan dalolatdir.
Yorqin musiqa sadolari, kuy-qo‘shiqlar, beg‘ubor bolajonlarning raqsi bilan davom etgan ochilish marosimida VII “Osiyo bolalari” xalqaro o‘yinlarining mash’alasi Olimpiya o‘yinlarining g‘oliblari, taniqli sportchilar ishtirokida yoqildi. Joriy yilning 8 avgustiga qadar davom etadigan musobaqalarga start berildi. Yosh sportchilarga murosasiz bahslarda omad yor bo‘lishini tilashdi.
Eslatib o‘tamiz, yurtimiz sportchilari xalqaro o‘yinlar dasturidan o‘rin olgan 19 sport turining 17 tasida medallar uchun kurash olib borishadi.
Ertaga, 29 iyul kuni mamlakatimizning iste’dodli sportchilari sohil voleyboli, stol tennisi, baddiy gimnastika, basketbol 3x3, suzish bellashuvlaridagi musobaqalarda ishtirok etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,O‘zA