Osiyo aralash jang san’ati assotsiatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida aralash jang san’ati bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati hamda “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo o‘yinlariga saralash musobaqasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri A.Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari O.Umarov, ichki ishlar vaziri, mamlakat aralash jang san’atlari federatsiyasi raisi A.Toshpo‘latov Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, Osiyo aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti Gordon Tang bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda janob Tang O‘zbekistonning xalqaro maydondagi sport salohiyati yildan yilga yuksalib borayotganini e’tirof etdi. Qit’a chempionati va Osiyo o‘yinlariga saralash musobaqalari yuqori saviyada tashkil etilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Chempionatning yoshlar o‘rtasidagi musobaqalari yakunida o‘zbekistonlik sportchilar 6 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medalini jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani bilan qutladi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Bildirilgan takliflar asosida istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA