Latofatli gimnastikachilarimizning ulkan muvaffaqiyatlari
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati yakunlandi. Qit’a birinchiligida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani 11 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakunladi.
Yoshlar o‘rtasidagi bahslarda jamoaviy dasturda O‘zbekiston terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Alisiya Galati, Farida Abdulova, Kamilla Astanova, Ornella Bikmayeva, Safiya Pulatova va Zamira Xvalchevadan iborat guruh 5 ta to‘p bilan mashq dasturida oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Sabina Kagirova to‘p bilan mashq dasturida, Anora Mamadjanova esa bulava bilan mashqlarda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Kattalar bahslarida ham yurtdoshlarimiz ustunlikni namoyon etdi. Jamoaviy dasturda O‘zbekiston terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Mumtozabonu Ishoqzoda, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Yasmina Mkrtchiyeva, Tamila Ziganshina va Yuliya Valevatayadan iborat jamoa guruhli ko‘pkurash mashqlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning haqiqiy qahramonlaridan biri Taxmina Ikromova bo‘ldi. U yakkalik ko‘pkurash dasturida g‘olib chiqqan holda, halqa, to‘p, bulava va tasma bilan final mashqlarida ham oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Yasmina Zufarova yoshlar o‘rtasida tasma bilan mashq dasturida kumush medalga ega chiqqan bo‘lsa, Natalya Usova kattalar bahsida tasma bilan mashqlarda kumush, yakkalik ko‘pkurash hamda bulava bilan mashq dasturlarida bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatini 15 ta medal bilan yakunlab, qit’adagi yetakchi jamoalardan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA