O‘sh milliy drama teatri jamoasi festivalning bosh mukofoti sovrindori
Andijon – turkiy dunyoning madaniyat poytaxti maqomi doirasida bo‘lib o‘tgan IV TURKSOY xalqaro teatr festivali yakuniga yetdi.
Bir necha kun davomida turkiy xalqlarning boy madaniy merosi va sahna san’ati an’analarini rivojlantirish, ijodiy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda teatr san’atining istiqbollarini belgilash borasida muhim muloqot maydoniga aylangan, shuningdek, milliy teatr jamoalari ijodiy salohiyatini namoyon etgan ushbu festival chindan-da turkiy xalqlar san’at ahlini bir-biriga yanada yaqinlashtirdi, qolaversa, yurtimiz teatr muxlislariga qardosh xalqlar teatr san’ati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Festivalda qatnashgan teatr jamoalari tomonidan namoyish etilgan spektakllar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, turli mezonlar bo‘yicha muhokama qilib borildi. Hakamlar hay’ati, teatr san’ati mutaxassislari, tomoshabinlar e’tirofidan kelib chiqib, festivalda ishtirok etgan teatr jamoalari qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.


«Eng yaxshi rejissyor» nominatsiyasi bo‘yicha Qozog‘iston Yoshlar teatri tomonidan namoyish etilgan «Jibek» spektakli rejissyori Nurkanat Jakipay g‘olib deb topildi. «Tinchlik, insonparvarlik va do‘stlik mavzusidagi eng yaxshi spektakl» nominatsiyasi bo‘yicha Buyuk Saparmurod Turkmanboshi nomidagi Turkmaniston bosh akademik drama teatrining «Oq ot» spektakli taqdirlandi.
Ozarbayjon pantomima teatrining «Iblis» spektakli «Eng yaxshi sahna plastikasi», O‘zbekiston davlat drama teatrining «Layli va Majnun» spektakli «Eng yaxshi yangi talqin» nominatsiyasida g‘olib deb topildi.


Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti «Eng yaxshi hajmli spektakl» yo‘nalishida Qirg‘iziston Respublikasining Toktogul Azibayev nomidagi Oloy musiqali drama teatrining «Sog‘inch» spektakliga berildi. «Tarixiy xotirani aks ettirgan eng yaxshi spektakl» nominatsiyasi bo‘yicha Andijon viloyati musiqali drama teatrining «Bobur sog‘inchi» spektakli g‘olib bo‘ldi.
Festivalning bosh sovrini – gran pri, ya’ni “Eng yaxshi spektakl” nominatsiyasi bilan Sulton Ibragimov nomidagi O‘sh milliy drama teatrining «Taqdir haqida qo‘shiq» spektakli mukofotlandi.



Bir so‘z bilan aytganda, yuksak saviyada o‘tkazilib, haqiqiy teatr san’ati bayramiga aylangan IV TURKSOY xalqaro teatr festivali turli mamlakatlar ijodkorlarini bir sahna atrofida birlashtirib, turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, teatr san’atini rivojlantirishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari