Orolbo‘yida suv resurslarini boshqarish bo‘yicha muhim konsepsiya imzolandi
“Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, biologik xilma-xillikni asrash hamda mintaqaning iqlim o‘zgarishlariga chidamliligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan “Barqarorlik orollari: Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasida ekotizim xizmatlarini asrash” mavzusida sayd-ivent bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Global ekologik fond (GEF) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands Project” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Sessiya davomida ishtirokchilar Orolbo‘yi mintaqasining ekologik inqirozdan barqaror ekotizimlarni shakllantirish bosqichiga o‘tishi, iqlim bosimi kuchayib borayotgan sharoitda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligini joriy etish hamda yer degradatsiyasi bo‘yicha neytral muvozanatga erishish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash, ekotizim xizmatlarining barqarorligini ta’minlash va mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishda suv-botqoq hududlari hamda qirg‘oqbo‘yi ekotizimlarining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Texnik sessiya doirasida “Aral Sea Wetlands Project” loyihasining xalqaro texnik maslahatchisi Joshua Brann Amudaryoning quyi oqimida ekotizim xizmatlari va barqaror turmush manbalarining ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Ochiq muloqot davomida Orol dengizi mintaqasida hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va ekotizimlarni tiklash bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalarni keng ko‘lamda tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida Quyi Amudaryo havzasi uchun suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish rejasi konsepsiyasi imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA