Giyohvandlikka qarshi kurashishda OAV bilan hamkorlik muhim
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasida OAV vakillari hamda blogerlar ishtirokida matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida bojxona organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni yanada mustahkamlash, shuningdek, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish, giyohvandlikka qarshi kurashishda hamkorlik masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tadbirda boshqarma boshlig‘i Shavkat To‘rayev bugungi kunda davlat organlari faoliyatida ochiqlik siyosatini izchil amalga oshirish, aholiga tezkor, xolis va ishonchli axborot yetkazishda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Anjumanda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan hududda faoliyat yuritib, o‘z kasbiga yuksak mas’uliyat va sadoqat bilan yondashayotgan, jamiyatda ochiqlik, xolislik hamda haqqoniy axborot muhitini shakllantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh jurnalistlar hamda blogerlar taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda boshqarma tomonidan 26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida bojxona organlari tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda bojxona organlari tomonidan mamlakat hududiga giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib kirilishi va tarqalishining oldini olish, kontrabanda holatlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda transmilliy noqonuniy aylanmaga qarshi samarali kurashish maqsadida zamonaviy texnik vositalar, risk tahlili tizimlari hamda maxsus tayyorgarlikka ega xizmat itlari yordamida nazorat tadbirlari yanada kuchaytirilmoqda.
Xususan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2026-yil boshidan bugungi kunga qadar 14 ta holatda jami 4 kilogramm 355,36 gramm giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Shundan, 1355,06 gramm “opiy”, 1735,2 gramm “geroin”, 162,37 gramm “gashish”, 659,66 gramm “marixuana”, 11 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligi, shuningdek 297,47 gramm “mefedron” hamda 145,6 gramm “spays” turidagi sintetik giyohvandlik vositalariga to‘g‘ri keladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun bojxona organlari kinologiya xizmati mutaxassislari hamda maxsus tayyorlangan xizmat itlari ishtirokida giyohvandlik vositalarini aniqlash, qidiruv va tekshiruv jarayonlarini amaliy tarzda namoyish etuvchi ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etildi.
[gallery-30072]
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari