Orolbo‘yi maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Nukus shahridagi 34-sonli maktabda bilim olayotgan o‘quvchilar bilan uchrashib, ularga yangi o‘quv yilida yuksak marralar tiladi.
Dastlab, tadbir ishtirokchilariga davlatimiz rahbarining mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrigi o‘qib eshittirildi.

Unda qayd etilishicha, keyingi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Ana shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy ta’lim, “Ay-ti”, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir.

Tadbirda shu bilan birga, yurtimizda barcha sohalar qatorida ta’lim tizimida ham olib borilayotgan islohotlar, yoshlarning chuqur bilim olishi uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida keng ta’kidlab o‘tildi.
Bundan keyin maktabda bilim berayotgan o‘qituvchilar bilan muloqot qilindi. Ularga minnatdorchilik bildirilib, yurtimiz yoshlari orasidan yuqori natijalarga erishadigan yoshlar yanada ko‘plab yetishib chiqishi alohida tilga olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Эрманов Nukus shahridagi 46-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflari bor umumiy o‘rta ta’lim maktabida Bilimlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etib, o‘quvchilarni, ustoz va murabbiylarni yangi o‘quv yili boshlanishi bilan samimiy muborakbod etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yangi o‘quv yili munosabati bilan mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda yosh avlodga bildirilayotgan yuksak ishonch, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, Vatanga munosib farzand bo‘lib voyaga yetishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar alohida ta’kidlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, uning sifat va samaradorligini oshirish, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Zero, ta’limga yo‘naltirilgan har qanday e’tibor mamlakatning kelajagiga kiritilgan eng muhim sarmoyadir. Yoshlarning puxta bilim olishi, zamonaviy texnologiyalarni egallashi, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarashli va vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omillaridan biridir.
Tadbir davomida maktablarda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasidagi ishlar bilan ham tanishildi. Ayniqsa, ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ygan jajji o‘quvchilarning hayajon va quvonchga to‘la nigohlari yangi o‘quv yilining o‘ziga xos bayramona ruhini namoyon etdi.
Umuman, bu yil Orolbo‘yidagi 735 ta umumta’lim maktabining 1-sinfiga 38 ming 915 nafar o‘quvchi qabul qilindi va ularning barchasiga Prezident sovg‘alari yetkazildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri