“Orol tubiga eko-ta’lim sayohatlari” xalqaro haftaligi doirasidagi tadbirlar boshlandi
Joriy yilning 26-30-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasi, “Orol tubiga eko-ta’lim sayohatlari” xalqaro haftaligi va “Eko-tashabbus” loyihasi va boshqa turkum tadbirlar o‘tkaziladi.
Haftalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2025-yil 30-noyabrdagi topshirig‘iga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlarining qiziqishlari va xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etiladi.
Xalqaro haftalikda xorijiy mehmonlar, Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati va hududlardan Qoraqalpog‘istondagi oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan yoshlar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining ekologiya yo‘nalishidagi talaba-yoshlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi harbiy xizmatchilarning voyaga yetgan oila a’zolari, qozoq, rus, koreys, ukrain, turkman milliy madaniy markazlarining vakillari ishtirok etmoqda.
[gallery-29022]
Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasi, shuningdek, yoshlarning ekologik tashabbuslarini ro‘yobga chiqaradigan “Eko-tashabbus” loyihasi boshlandi. Unda xorijiy va mahalliy olimlar, yoshlar, ilmiy tadqiqot olib boruvchi talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) professori Senejani Hossein Habibollah Akhani “Galofitlar: Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning o‘zgaruvchan dunyosida xilma-xillik va ta’siri”, Toshkent davlat texnika universiteti o‘qituvchisi, texnika fanlari doktori (DSc) Indiraxon Ayubova “Orolbo‘yi hududida ekologik ta’limni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari”, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti axborot tizimlari va texnologiyalari kafedrasi assistenti Bayram Absametov “Orol dengizining qurigan tubi tuproq-iqlim sharoitiga mos o‘simliklarni tasniflash va yerdan foydalanish samaradorligini oshirish”, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) rektori maslahatchisi, professor (Fransiya)Mohammad Pouran Hamid Reza Mohammad “Cho‘l iqtisodiyoti va ta’lim” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
Ma’ruzalarda Orolbo‘yida daraxtzorlarni tashkil etish, sho‘rlanishni kamaytirish, cho‘llanishning oldini olish, Orolbo‘yi hududlarida istiqomat qiluvchi aholining turmush tarzini yaxshilash, turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar ilgari surildi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, haftalik davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Daraxt ekish” aksiyasi, ishtirokchilar va yoshlar ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda sport bilan shug‘ullanish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida “10 ming qadam” piyoda yurish marafoni, Qoraqalpog‘iston va viloyatlardan ta’lim olayotgan yoshlar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti talaba-yoshlari ishtirokida badminton musobaqasi, Open-air konsert dasturi hamda tarixiy obidalarga sayohat tadbirlari o‘tkaziladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.