Oqsoy turizm qishlog‘i bo‘ladi
Samarqand viloyatidagi “Hazrati Dovud” ziyoratgohi haqida ko‘pchilik eshitgan. Nurobod tumanidagi tog‘ bag‘rida, Oqsoy qishlog‘ida joylashgan mazkur qadamjo musaffo havosi, go‘zal manzaralari bilan kishiga xush yoqadi.
Yurtdoshlarimiz bu joyni ziyorat qilish bilan birga tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lib hordiq chiqaradilar. Keyingi yillarda bu yerga mahalliy sayyohlardan tashqari xorijdan ham mehmonlar kelib, tog‘ turizmi yo‘nalishlari rivojlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatdagi turizm salohiyati yuqori bo‘lgan va infratuzilmasi mavjud o‘ndan ortiq qishloq qatorida Oqsoyga ham turizm qishlog‘i maqomi berish ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda Oqsoyda bu maqomga ega bo‘lish uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirishga mas’ul o‘rinbosari Rustam Qobilov mutasaddilar bilan birga mazkur qishloqda bo‘lib, “turizm qishlog‘i” maqomini olish uchun zarur bo‘lgan 16 ta asosiy mezon bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni muhokama qildi.

Jumladan, hududda oilaviy mehmon uylari tashkil etish, turistik xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, esdalik sovg‘alari savdosi, ekoturizm va agroturizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, zarur infratuzilma bilan ta’minlash, shuningdek, mehmonlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish va xavfsizlikni ta’minlash kabi muhim vazifalar yuzasidan mas’ullar hamda tezkor bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

– Erta bahordan kech kuzga qadar bu yerdan mehmonlar qadami uzilmaydi, – dedi R.Qobilov. – Sayyohlar asosan kunlik mehmon bo‘lib, dam olib ketishadi yoki tog‘larda sayr qilishadi. Endi bir necha kun shu yerda qolib, turistik xizmatlardan foydalanishlari uchun ularga qo‘shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish zarur. Bu chora-tadbirlar qishloqqa keladigan sayyohlar oqimini oshirib, mahalliy aholi bandligini va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri