Oqova suv tizimi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilmoqda
“Sirdaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan Yangiyer shahrida Islom taraqqiyot bankining 6 million 700 ming dollarlik investitsiya mablag‘i hisobidan qayta modernizatsiya qilingan va o‘tgan 2024 yilning dekabr oyida ishga tushirilgan oqova suv inshootiga press-tur uyushtirildi.
— Mazkur suv tozalash inshooti 1965 yilda qurilgan bo‘lib, asbob-uskunalarning ma’nan eskirganligi tufayli samaradorligi anchayin pasayib ketgandi. Bundan tashqari, oqova suvlar biologik, kimyoviy va mexanik tozalashdan o‘tkazilmasdan turli zovurlarga oqizib yuborilardi. Bu esa, chor-atrofdagi ekologik barqarorlikning buzilishiga sabab bo‘lardi,—deydi Yangiyer shahar suv oqova tozalash inshooti rahbari G‘ulom Turdiyev.—Davlatimiz rahbarining “Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qayta rekonstruksiya qilinib, ishga tushirildi. Buning natijasida Yangiyer shahri va Xovos tumanida joylashgan 3540 ta xususiy, 218 ta ko‘p qavatli hamda Yangi O‘zbekiston massividagi 71 ta uyning oqova suv tizim yaxshilanishi barobarida, 41,1 ming nafar aholining oqova suv tizimi bilan bog‘liq muammolari samarali yechim topdi.
Turkiya va Germaniya texnologiyalari asosida bunyod etilgan mazkur inshootning qayta rekonstruksiya ishlarini “Sirdaryo suv ta’minoti”AJ buyurtmasi asosida Ozarbayjon, Turkiyaning qurilish kompaniyalari Turkiyaning “SU-YAPI” injiniring konsalting kompaniyasi loyihasi asosida amalga oshirdi.

Sutkasiga 12,0 ming m3 hajmdagi oqova suvni tozalash quvvatiga ega bo‘lgan inshootga Turkiya, Germaniya kabi dunyoning ilg‘or mamlakatlaridan eng zamonaviy, so‘nggi rusumdagi texnologiyalar keltirilib o‘rnatildi. Buning natijasida oqova suv tozalash jarayoni samaradorligi 90 foizga oshdi. Hudud infratuzilmasi yaxshilanib, mavjud bo‘lgan sanitar-epidemiologik va ekologik barqarorlik ta’minlandi.
Press-tur ishtirokchilari Yangiyer oqova suv tozalash inshootiga tashrif doirasida inshootga keltirilgan, o‘rnatilib, ishga tushirilgan zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlari bilan tanishdi. Bevosita oqova suvlarni mexanik tozalash, ya’ni suvdan katta zarrachalar, sho‘r va boshqa moddalar mexanik usullar bilan olib tashlanishi, kimyoviy tozalash jarayonlarini kuzatib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

E’tiborli jihati, yangi tozalash jarayoni inson omilisiz, avtomatik ravishda bajariladi. SCADA va GIS tizimlari orqali jarayonlar to‘liq nazorat qilinadi, bu esa ish samaradorligini va aniqligini ta’minlaydi.
Shuningdek, 25 gektar hududga ega bo‘lgan inshootning atrofida "Yashil belbog‘"lar tashkil qilindi. Unga 1000 ta mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. Ushbu hududda sug‘orish uchun tozalangan oqova suvlardan foydalanish imkoniyati yaratildi, bu esa atrof-muhitni muhofaza qilish va joyning ekologik barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Inshootning qayta qurilishi nafaqat ekologik, balki iqtisodiy tomondan ham muhim ahamiyatga ega. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qayta ishlangan oqova suvlar mutlaqo bezarar bo‘lib, qishloq xo‘jaligida ekinlarni sug‘orishda va baliqchilik xo‘jaliklarini suv bilan ta’minlashda foydalanish mumkin. Bu resurslardan foydalanish, suv tanqisligi mavjud bo‘lgan hududlarda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi.

Yangiyerdagi oqova suv tozalash inshootida olib borilgan rekonstruksiya ishlari nafaqat shahar infratuzilmasini yaxshilash, balki atrof-muhitni muhofaza qilish va aholiga samarali xizmat ko‘rsatishda ham muhim qadam bo‘ldi. Bu turdagi loyihalar va texnologiyalar O‘zbekistonning ekologik barqarorligini ta’minlash va jamiyat salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri