O‘qituvchilar ochiq darslar va amaliy seminarlarda ishtirok etishmoqda
Jizzax viloyatida ta’lim sohasida izchil islohotlar samarasini oshirishga qaratilgan muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Pedagogik mahorat markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida “Ta’lim sifatiga xizmat qilayotgan tizimli islohotlar: natijalar va istiqbollar” mavzusi muhokama qilindi.
Anjumanda markaz direktori Ijod Ahmedov, viloyat direktorlar kengashi raisining o‘rinbosari Dilmurod Karimqulov, professor-o‘qituvchilar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Muloqot davomida ishtirokchilar pedagogik malaka oshirish jarayonlari, hududlarda amalga oshirilayotgan metodik xizmatlar hamda innovatsion yondashuvlar borasida batafsil ma’lumot olishdi.

Markaz direktorining ta’kidlashicha, 2025-yil davomida 13 mingdan ziyod pedagog malakasini oshirish dasturi doirasida belgilangan reja to‘liq bajarilgan. Yangi joriy etilgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” platformalari orqali yuzlab o‘qituvchilar muntazam ravishda ochiq darslar va amaliy seminarlarda ishtirok etmoqda.
Hududlarda manzilli metodik ishlar ham keng yo‘lga qo‘yilgan. 2025-yilda 39 ta maktabda 993 nafar pedagogni qamrab olgan metodik tadbirlar tashkil etilgan, shuningdek, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida haftalik 72 soatlik maxsus mashg‘ulotlar olib borilgan. Besh hududdagi 12 ta “qizil” toifadagi maktabda alohida kurslar yo‘lga qo‘yilgan.
Markazda raqamlashtirish yo‘nalishi ham kengaytirilmoqda. 17 ta auditoriya zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan: videoproyektor, interaktiv doska, kompyuter, noutbuk va VR qurilmalari orqali pedagoglar amaliyotni takomillashtirmoqda. Davomat FaceID orqali nazorat qilinadi, sertifikatlar esa onlinedu.uz platformasi orqali taqdim etiladi.

Xalqaro hamkorlik ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Malayziya, Yaponiya va Rossiyaning tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy seminarlar tashkil etilgan, shuningdek, Prezident maktablari, oliy ta’lim muassasalari va Milliy gvardiya o‘quv markazlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat direktorlar kengashi raisi o‘rinbosari Dilmurod Karimqulov sohadagi tizimli ishlar haqida so‘zlab, direktorlik vakant lavozimlari masalasiga ham to‘xtaldi. U ta’kidlaganidek, hozirda 44 ta maktabda direktorlik lavozimi bo‘sh, biroq yuzdan ziyod nomzodlar suhbatdan o‘tib, o‘z faoliyatlarini boshlashgan. Yangi tayinlangan direktorlar jamoa bilan hamkorlikda ish boshlashi, rejalashtirilgan ishlarini amalga oshirishi diqqat markazida bo‘ladi.
Anjuman yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va istiqbollari haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri