Firibgarlik fosh bo‘ldi
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Zarbdor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, “Vatanparvar" tashkiloti Jizzax viloyati texnika va amaliy sport turlari markazi” NTM sobiq rahbari Sh.X. (muqaddam sudlangan) hamda sobiq avtomobil boshqarish ustasi N.X. (muqaddam sudlangan) o‘zaro til biriktirib, qonun ustidan “o‘yin” qilishga uringan.
Ular fuqaro M.A.ga avtomaktabda o‘qiganlik haqida guvohnoma tayyorlab berish, nazariy va amaliy imtihonlardan “muammosiz” o‘tkazishni va’da qilib, ishonchni pulga aylantirgan. Natijada 13 million so‘m va 500 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi.
Bu holat tizimga ishonchni yemiruvchi, qonun ustuvorligiga soya soluvchi jiddiy illatdir. Chunki haydovchilik guvohnomasi oddiy qog‘oz emas, balki inson hayoti va xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq rasmiy hujjatdir.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri