Onkologik kasalliklarga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning borishiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 17-maqsadi (Onkologik kasalliklarni erta aniqlash va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish) doirasida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filiali shifokorlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonuni asosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Gauhar Abdisametovaning hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filialida 2026-yil davomida aholi o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish, xususan, ayollar o‘rtasida sut bezi va bachadon bo‘yni saratoni hamda boshqa onkologik kasalliklarga qarshi ob’ektiv ko‘riklar, sitologik, kolposkopiya va mammografik tekshiruvlar tashkil etilgan.
Xususan, ayollar o‘rtasida sut bezi saratoni yuzasidan 2026-yilning 9 oyi davomida 53 ming 876 nafar ayol skriningdan o‘tkazilgan. Shundan 76 nafarida sut bezi saratoni kasalligi aniqlangan.
Skrining qamrovi pastligining asosiy sabablaridan biri tuman tibbiyot birlashmalarida onkolog mutaxassislar yetishmasligi hisoblanadi. Shu bois tumanlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish va birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Tibbiyot muassasalarini tibbiy uskunalar bilan ta’minlash borasida ayrim muammolar mavjud. Jumladan, Qo‘ng‘irot tumanida binoning kapital ta’mirlanayotganligi sababli mammografiya uskunasi vaqtincha ishlamay turibdi. Chimboy tumanida esa mammografiya uskunasining ma’nan va jismonan eskirganligi sababli undan faqat tashxis qo‘yish maqsadida foydalanilmoqda. Shuningdek, tibbiyot muassasalarida mutaxassis va xodimlar yetishmasligi, xususan, Shumanay, Mo‘ynoq, Qorao‘zak, Bo‘zatov va Ellikqal’a tumanlari onkolog shifokorlar bilan ta’minlanmagani ma’lum bo‘ldi.
Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Shuningdek, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
[gallery-32260]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA