Diniy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ish bilan ta’minlanmoqda
2025–2026-o‘quv yilida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini jami 454 nafar iqtidorli yosh tamomladi.
Ular orasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistraturasining ilk bitiruvchilari — 10 nafar magistr ham bor.
Ayni paytda bitiruvchilarni egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash, shuningdek, ta’limning keyingi bosqichida o‘qishini davom ettirishini qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etmoqda.
Xususan, 145 nafar yosh mutaxassis diniy soha muassasalari va tashkilotlarida rasman faoliyat boshladi. Shuningdek, ularning 3 nafari O‘zbekiston musulmonlari idorasi Markaziy apparatida, 1 nafari idoraning Toshkent shahar vakilligida, 13 nafari masjid imom-xatibi, 118 nafari imom noibi sifatida ish boshlagan. Yana 10 nafar bitiruvchi diniy ta’lim muassasalarida pedagog-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.


Shu bilan birga, 112 nafar yosh ta’limning keyingi bosqichiga qabul qilingan. Ularning 44 nafari magistraturada tahsil olishni davom ettirmoqda. O‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan 68 nafar yigit-qiz esa oliy diniy ta’limning bakalavriat bosqichiga qabul qilingan.
Yangi tayinlangan mutaxassislar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm, Surxondaryo va Navoiy viloyatlaridagi masjidlar hamda diniy ta’lim muassasalari jamoalariga tanishtirilib, o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi.
Qayd etish joizki, bitiruvchilarning bir qismi mehnat faoliyatini boshlagan bo‘lsa, yana bir qismi ilmiy va ta’limiy salohiyatini oshirish maqsadida o‘qishni davom ettirmoqda. Bu esa diniy ta’lim tizimida yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish va soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi
Hamroz Bayonov,
O‘zA