«Onalik va perinatal parvarish bo‘yicha dastur» natijalari e’lon qilindi
«Ishonch» jamg‘armasining 43,5 million dollarlik ilk investitsiyasi O‘zbekistonda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishda yuksak natijalarni qayd etdi.
«Ishonch» ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi o‘zi moliyalashtirgan ilk yirik loyiha – «Onalik va perinatal parvarish bo‘yicha dastur»ning yakunlari va erishilgan strategik natijalarini e’lon qildi. Ushbu dastur O‘zbekiston va Shveysariya hukumatlari o‘rtasida imzolangan Restitutsiya (noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarish) to‘g‘risidagi tarixiy bitimning ijrosi amaliyotda qanchalik muvaffaqiyatli tizimga aylanganini ko‘rsatuvchi yaqqol tahliliy namuna bo‘ldi. Jamg‘arma tomonidan ajratilgan 43,5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya hisobidan sog‘liqni saqlash tizimining eng nozik bo‘g‘ini bo‘lgan perinatal xizmat sifati tubdan yaxshilandi va butun mamlakat miqyosida ijobiy ko‘rsatkichlarni ta’minladi.
BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF), BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur dastur uch yil mobaynida respublika bo‘yicha 230 dan ortiq perinatal markazning moddiy-texnik bazasini zamonaviy me’yorlar darajasiga ko‘tardi. Xususan, loyiha doirasida jahon bozoridan eng ilg‘or inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish va anesteziya apparatlari kabi hayotni saqlab qoluvchi tibbiy uskunalarni xarid qilishga 30 million dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Bunday keng ko‘lamli modernizatsiyalash jarayoni o‘zaro zanjirli ravishda kadrlar salohiyatini oshirish tadbirlari bilan boyitildi. Natijada 85 ming nafardan ziyod mahalliy tibbiyot xodimlari, shu jumladan laboratoriya mutaxassislari onalar va chaqaloqlar o‘limining oldini olish, murakkab va muddatidan oldin tug‘uruq holatlarini samarali boshqarish bo‘yicha xalqaro maxsus treninglardan o‘tkazildi.

Dastlabki tahliliy monitoring natijalariga ko‘ra, sohada oldini olish mumkin bo‘lgan onalar o‘limi ulushi 2022-yildagi 77,3 foizdan 62,8 foizgacha, ya’ni 14,5 foiz bandga qisqardi. Shu bilan birga, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning, ayniqsa vazni o‘ta kichik bo‘lgan va tibbiy ko‘makka muhtoj go‘daklarning omon qolish ko‘rsatkichi dastur boshlanganidan buyon qariyb 13 foizga yaxshilandi. Bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash tizimi uchun haqiqiy sifat ko‘rsatkichidir.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori va «Ishonch» jamg‘armasi boshqaruv qo‘mitasi a’zosi Sabin Maxl ushbu dasturning muvaffaqiyatli yakunlanishi O‘zbekistonga qaytarilgan aktivlardan butun mamlakat aholisi uchun aniq va manzilli foydalanish mumkinligini isbotlaganini qayd etdi.
Darhaqiqat, ilgari har to‘rtta onalar o‘limidan uchtasining oldini olish imkoni bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu xavf sezilarli darajada jilovlandi va erishilgan natijalar yurtimizda xotin-qizlar uchun tug‘uruq jarayonlarini xavfsizroq qilish yo‘lidagi ulkan yutuqdir.
– Ushbu natijalar ortida xalqaro hamkorlik va hukumatning qat’iy siyosiy irodasi turibdi, – dedi UNICEFning mamlakatimizdagi vakili Rehina Kastijio.
Dasturning korrupsiyaga qarshi shaffof mexanizmlar asosida amalga oshirilgani va jamiyat farovonligiga yo‘naltirilgani alohida e’tirofga loyiq. Loyiha davomida 49 ta milliy klinik protokol va standartlar yangilanib, 25 ta tibbiyot muassasasi xalqaro «Bola uchun do‘stona shifoxona» maqomini oldi. Hozirga qadar 4 millionga yaqin aholi sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olingan bo‘lsa, 20 milliondan ziyod fuqaroga tug‘uruqdan oldingi parvarish bo‘yicha hayotiy muhim axborotlar yetkazildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA