Pokiston investorlari bilan hamkorlik qilinadi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Pokiston Islom Respublikasining “Go Dairy (Private) Limited” kompaniyasi rahbari Dur Muhammad Ayub boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, oziq-ovqat sanoati hamda eksport salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida viloyat hokimi Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyati, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda yirik investitsiyaviy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, hududda zamonaviy agroklasterlar tashkil etish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat yaratishga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Dur Muhammad Ayub boshchiligidagi kompaniya vakillari ham o‘z faoliyati va O‘zbekistonda amalga oshirishni rejalashtirayotgan loyihalari haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, kompaniya mamlakatimizda naslchilik, boqish, yem ishlab chiqarish, so‘yish va qayta ishlash bosqichlarini o‘z ichiga olgan to‘liq siklli chorvachilik kompleksini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Yangi loyiha doirasida dastlabki bosqichda 20-30 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik majmuasi, eksportga yo‘naltirilgan sovitish va muzlatish omborlari hamda mahsulotlarni qadoqlash infratuzilmasini yaratish ko‘zda tutilgan. Kompaniya vakillari O‘zbekistonni Fors ko‘rfazi mamlakatlari, MDH davlatlari va Xitoy bozorlariga mahsulot yetkazib berish uchun muhim logistika markazi sifatida baholayotganini qayd etdi.

Shuningdek, uchrashuvda kartoshka va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash, urug‘chilik hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida ham hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tashrif dasturi doirasida kompaniya vakillari Yangiyo‘l, Qibray, Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida bo‘lib, hududlardagi chorvachilik xo‘jaliklari, agroklasterlar va investitsiyaviy maydonlar faoliyati bilan tanishdi.
Hamkorlar ilg‘or tajribalarni o‘rganish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoati yo‘nalishlarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri