O‘n ikki asr avval yaratilgan “suv kodeksi”ni bilasizmi?
IX asrning birinchi yarmida suv resurslarini adolatli taqsimlash maqsadida tuzilgan “Kitob al-quniy” majmuasi mintaqamiz davlatchiligi tarixida ilk “suv kodeksi” sifatida alohida o‘rin tutadi.
828–844 yillarda Xuroson va Movarounnahrni boshqargan tohiriylar sulolasining hukmdori Abdulloh ibn Tohir davlatchilik tizimida markaziy hokimiyatni mustahkamlash bilan bir qatorda, aholining ijtimoiy muhofazasiga ham jiddiy e’tibor qaratdi. Abbosiy xalifalar Ma’mun, Mu’tasim va Vosiq davrida keng vakolatga ega bo‘lgan bu hukmdor sharqiy viloyatlarda tartib va adolat o‘rnatishni o‘zining bosh vazifasi deb bildi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, o‘sha davrda suv tanqis bo‘lgan vohalarda ariq va kanallardan foydalanish, suv navbati hamda cuv inshootlarni saqlash bo‘yicha mahalliy aholi va yirik yer egalari o‘rtasida tez-tez nizolar chiqib turgan. Abdulloh ana shu muammoni ilmiy va huquqiy jihatdan tartibga solish uchun o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan faqihlari va muhandislarini yig‘ib, suvdan foydalanish qoidalarini ishlab chiqishni topshirdi.
Mazkur topshiriq asosida yaratilgan va keyinchalik “Kitob al-quniy” (“Ariqlar haqidagi kitob”) nomi bilan mashhur bo‘lgan qo‘llanma asrlar davomida Markaziy Osiyoda gidrotexnika va islom huquqida suv masalalarini hal qilishda muhim manba bo‘lib xizmat qildi. Sharqshunos olim Aleksandr Shmidtning ta’kidlashicha, bu hujjat shunchaki nazariy ko‘rsatma emas, balki aynan dehqonlar manfaatini yuqori tabaqa vakillarining o‘zboshimchaligidan himoya qiluvchi qonuniy kafolat edi. Hujjatda har bir ariqning tozalanish majburiyati, yuqori va quyi oqimda joylashgan ekin maydonlariga suv ajratish me’yorlari, kanal atrofidagi muhofaza hududlari o‘lchamlari aniq belgilab qo‘yilgan edi.
Sharqshunos olim va tarixchi Vasiliy Bartold o‘z asarlarida Abdullohning ijtimoiy siyosatini tahlil qilar ekan, uning oddiy mehnatkashlar va dehqonlarga bo‘lgan xayrixohligi ilm-fan hamda ta’limni ommalashtirish g‘oyasiga turtki berganini alohida qayd etadi. Hukmdor chiqargan maxsus farmonda viloyat hokimlari va amaldorlariga dehqonlarga ortiqcha soliq solish, ularning mulkiga tajovuz qilish qat’iy taqiqlandi. Bundan tashqari, Abdulloh kambag‘al va kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun ham ta’lim olish imkoniyatini yaratishni davlat zimmasidagi majburiyat deb hisoblagan. Bu chora-tadbirlar IX asrda Movarounnahr va Xurosonda qishloq xo‘jaligining rivojlanishi va iqtisodiy barqarorlikka zamin yaratdi.
IX asrda yashagan tarixchi Abulfazl Ahmad o‘zining “Kitobu Bag‘dod” asarining bizgacha yetib kelgan oltinchi qismida tohiriylar xonadonining boshqaruv an’analari haqida noyob ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Asar tarkibida Abdullohning otasi – sarkarda va viloyat hokimi Tohir ibn Husaynning o‘g‘liga yo‘llagan mashhur nasihatnomasi keltiriladi. Bu maktubda davlatni boshqarishda fuqarolar roziligini olish, aholini xazinaning asl manbai deb bilish va adolatni har narsadan ustun qo‘yish uqtiriladi. Abdulloh o‘z faoliyatida ana shu g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etdi.
Geograf va sayyoh Yoqut Hamaviy o‘zining “Mu’jam al-buldon” asarida Abdullohning shaxsiy fe’l-atvori va adolat mezonlariga oid ibratli voqealarni keltiradi. Shunday tafsilotlardan biri Bag‘doddagi tohiriylar saroyini kengaytirish jarayoni bilan bog‘liq. Saroy atrofidagi yerlarni sotib olish chog‘ida qozilik orqali yeri majburan olingan oddiy fuqaroning shikoyatini shaxsan eshitgan Abdulloh ibn Tohir, qurilish ishlari boshlanganiga qaramay, binoni buzdirib, yerni egasiga qaytargan va o‘z vakilini nohaqligi uchun jazolagan. Boshqa bir manbada keltirilishicha, u bozorda mungli sayrayotgan musichani sotib olib, uning polaponlaridan ayrilganiga achinib, ozodlikka qo‘yib yuborgani hamda bu haqda she’r yozgani qayd etiladi. Bu tafsilotlar hukmdorning nafaqat qonun ustuvorligiga, balki yuksak insoniylik va shafqat mezonlariga ham amal qilganini ko‘rsatadi.
Tohiriylar sulolasining kelib chiqishi mahalliy aslzodalar xonadoniga mansubligi sababli, ular mintaqadagi ijtimoiy va iqtisodiy tizimni mukammal tushunishgan. Mahalliy an’analar va islom huquqining uyg‘unligi natijasida yaratilgan “Kitob al-quniy” keyinchalik Somoniylar va Qoraxoniylar davrida ham dehqonchilik vohalarida suvdan foydalanishni tartibga soluvchi asosiy qo‘llanma sifatida saqlanib qoldi. Bu davlatchilik tajribasi markazlashgan boshqaruv tizimi hamda huquqiy hujjatlar orqali iqtisodiy barqarorlikka erishishning ilk muvaffaqiyatli namunalaridan biridir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA