Omonqo‘tonda safsar gul ochildi
Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Omonqo‘ton tog‘li hududi o‘zining betakror tabiati, noyob fauna va florasi bilan yurtimizning boshqa mintaqalaridan ajralib turadi. Taxti qoracha dovoni atrofidagi bu go‘zallik har qanday kishini o‘ziga maftun etishi tabiiy. Hududning o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, tabiiy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida 2022-yilda 1,5 ming gektar maydonda “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i tashkil etilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘ hududida 1300 turdan ziyod noyob o‘simlik va daraxt turlari, 120 turdan ko‘proq hayvon va jonzotlar uchraydi. Ularning aksariyati O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Milliy bog‘ning yigirma nafarga yaqin xodimlari ana shu noyob boylikni asrab-avaylash va ko‘paytirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olib mehnat qilmoqda.
– Asosiy maqsad mazkur hududda noyob hamda yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi o‘simlik va hayvonot dunyosi turlarini, o‘rmon resurslarini muhofaza qilish, ko‘paytirish, qayta tiklash hamda ekoturizmni yanada rivojlantirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘i direktori Azamat Amrullayev. – Bu yerda 1300 turdan ortiq o‘simlik uchraydi va ularning 37 turi mamlakatimiz “Qizil kitob”iga kiritilgan. Lekin 2022-yilgacha, ya’ni milliy tabiat bog‘i tashkil etilgunga qadar bu yerda chorva mollari boqilishi, e’tiborsizlik va tabiatga noto‘g‘ri munosabat sabab ko‘plab o‘simlik va daraxt turlari yo‘qolib ketgan, dorivor o‘simliklar har yili terib olingan, tomirigacha sug‘urib ketilgan. Tabiat bog‘i faoliyati yo‘lga qo‘yilgach bunday holatlarga chek qo‘yildi va natijada keyingi yillarda ayrim o‘simliklar yana o‘sib chiqa boshladi. Masalan, tabiiy holda uchraydigan safsar guli Omonqo‘ton tog‘larida bir necha yildan buyon uchramasdi. “Qizil kitob”ga kiritilgan bu o‘simlik o‘tgan yil ayrim joylarda bo‘y ko‘rsatdi, bu yil esa anchagina ko‘paydi. Bugungi kunda aholi xonadonlari, bog‘ va xiyobonlarda ham safsar gulning madaniylashgan turi ekiladi va ular asosan bir xil rangda bo‘ladi. Tog‘ safsar gulida esa bir necha rangni ko‘rish mumkin va u juda chiroyli ko‘rinishga ega.
[gallery-29380]
Bundan tashqari, bog‘da 6 turdagi lola o‘sadi va ularning barchasi “Qizil kitob”ga kiritilgan, muhofazaga olingan. Bu gullarni ham terish mumkin emas, ular ko‘payib borishi zarur. Biz 2024-yildan buyon Samarqand davlat universiteti olimlari bilan hamkorlikda bu o‘simlikni, jumladan, foster lolasini ko‘paytirish borasida tadqiqotlar olib boryapmiz. Bu ishlar samarasini berib, hozir hududda lolalar ham ko‘paygan. Ilgari bu gullar ochilishi bilan odamlar sug‘urib ketavergan.
Ayni paytda milliy tabiat bog‘i hududidagi o‘simliklarning vegetatsiya davri tugamoqda. Yaqin kunlarda kunlar isib ketgach, ular qurib, urug‘i yerga tushadi va kelgusi bahorgacha tinim davrida bo‘ladi. Bu paytda bog‘ hududini turli favqulodda hodisalar, yong‘in va boshqa xavflardan asrash zarur. Shu maqsadda bog‘ning aholi turar joylari, dam olish maskanlari bilan tutash hududlarida yong‘inga qarshi yo‘laklar ochilib, o‘t-o‘lanlardan tozalanmoqda. Maxsus sig‘imlarda suv to‘ldirilib, yong‘inlar yuzaga kelganda tezkor bartaraf etish uchun choralar ko‘rilmoqda.
Azamat Amrullayevning qayd etishicha, Omonqo‘ton tog‘larida XIX asr saksoninchi yillarida eman, yasen, yolg‘on rabiniya, grek yong‘og‘i, Qrim qarag‘ayi singari daraxtlar ekilib, yaratilgan o‘rmonlar bugun hudud tabiiy muhitining ajralmas bo‘lagini tashkil etadi. Endilikda bu daraxtlarni ham ildizidan va urug‘idan ko‘paytirish, payhon qilinishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Hozirda bog‘ hududida 1 million tupdan ortiq noyob daraxt nihollari o‘smoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/4avYxLwmXrc?si=T1Md4-wuhPZBllvV" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari