Oltinsoyda etnoturizm va Surxonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda
Oltinsoy tumanida O‘zbekiston etnoturizmi va milliy taomlar festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Bayramona ruhda o‘tayotgan festivalda Surxondaryo viloyatining tuman va shahar pavilonlari barpo etilib, har bir hududning o‘ziga xos milliy qadriyat va taomlari, uzumchilik, vinochilik an’analari, meva-sabzavotlari, hunarmandlik mahsulotlari va sayyohlik salohiyati keng namoyish etilmoqda. Ayniqsa, Oltinsoyda yetishtirilayotgan boldek shirin turli navdagi uzumlari, vino mahsulotlari, milliy qadriyat va ana’nalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari tashkil etgan “Dunyo taomlari va xalqlari” ko‘rgazmasi, milliy sport o‘yinlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlari hamda brend-restoranlar taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
– Festival yurtimiz xalqining izlanuvchan, mehnatkash va bunyodkorlik kabi xislatlarini keng namoyish etayotgani bilan juda qiziqarli o‘tmoqda, – deydi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori Oybek Ro‘ziyev. – Unda institutimizning izlanuvchan, iste’dodli talabalari ham faol ishtirok etib, afg‘on milliy taomlari ko‘rgazmasini tashkil etdi. Yon qo‘shnimiz oshxonasida tayyorlanadigan taomlar festival qatnashchilariga manzur bo‘lmoqda.
[gallery-31971]
To‘kin turmush, halol mehnat va shukronalik kabi yuksak fazilatlarimiz namoyon bo‘layotgan shodiyonaning tantanali ochilish marosimi poytaxtdan kelgan san’atkorlar, vohaning taniqli xonandalari va folklor jamoalari chiqishlari bilan yakunlandi.
Festivalda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Viloyatning boy sayyohlik salohiyati keng targ‘ib qilinib, mahalliy mahsulotlarni ommalashtirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, hududlarning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilayotgan tadbir davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri