Buxoro — xalq diplomatiyasi va birodar shaharlar hamkorligining yangi markazi
Bugungi globallashuv sharoitida shaharlar o‘rtasidagi hamkorlik oddiy do‘stlik va madaniy aloqalar doirasidan chiqib, iqtisodiy, turistik, investitsion va gumanitar sheriklikning muhim omiliga aylanmoqda. Ayniqsa, tarixiy-madaniy merosi, turizm va hunarmandchilik salohiyati bilan ajralib turadigan Buxoro uchun “birodar shaharlar” instituti xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi tashabbuslarni ilgari surish va viloyatning xalqaro nufuzini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, Buxoroda Birodar shaharlar alyansi tashabbusi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida xalq diplomatiyasini rivojlantirish va xorijiy shaharlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Botirjon Shaxriyorov, Birodar shaharlar alyansi rahbari Zokir Abidov, viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Rajabov, shuningdek, tegishli tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlar ishtirok etishdi.
Bugungi kunda Buxoro shahri dunyoning 22 ta shahri, G‘ijduvon tumani esa 1 ta xorijiy shahar bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatgan. Shu tariqa, viloyat miqyosida jami 23 ta xorijiy shahar bilan birodarlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bu raqamning o‘ziyoq Buxoroning xalqaro hamkorlik geografiyasi tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq bu munosabatlarning haqiqiy samarasi ularning soni bilan emas, balki amaliy mazmuni, ya’ni konkret loyihalar, investitsiyalar, sayyohlar oqimi, madaniy almashinuv va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar bilan belgilanadi.
Buxoroning xorijiy shaharlar bilan hamkorligida bunday amaliy natijalar allaqachon o‘z ifodasini topmoqda.
Jumladan, Fransiyaning Ryuy-Malmezon shahrida buyuk alloma Abu Ali ibn Sino haykalining o‘rnatilishi va O‘zbekiston bog‘ining tashkil etilishi ikki shahar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning yorqin namunasidir. Bu kabi tashabbuslar xalqlarning umumiy tarixiy va ma’naviy merosi orqali o‘zaro yaqinlashuviga xizmat qiladi.
Shuningdek, Buxoro hunarmandlarining AQSHning Santa-Fe shahrida har yili o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda ishtirok etishi mahalliy mahsulot va milliy hunarmandchilik namunalarini xalqaro maydonga olib chiqish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
Turkiyaning Izmir va Malatya shaharlari bilan rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari esa tarixiy yaqinlik, madaniy mushtaraklik va o‘zaro manfaatli sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Davra suhbatida mavjud birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlash bilan birga, hamkor shaharlar safini kengaytirish va yangi istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ayniqsa, birodar shaharlar bilan turizm, madaniyat, hunarmandchilik va bank-moliya sohalarida hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish, Buxoroning turistik salohiyatini birgalikda targ‘ib qilish hamda mahalliy tadbirkorlar va hunarmandlar uchun yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada xalq diplomatiyasining ahamiyati ayniqsa katta. Zero, rasmiy kelishuvlar va bitimlar qanchalik muhim bo‘lmasin, ularni amaliyotga aylantiradigan asosiy kuch — insonlar, tadbirkorlar, ziyolilar, hunarmandlar, yoshlar va madaniyat vakillari o‘rtasidagi bevosita muloqotdir. Shu ma’noda, birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni “shahardan shaharga” emas, “insondan insonga” bog‘lanadigan munosabatlar tizimi sifatida rivojlantirish muhim. Bu esa uzoq muddatli va barqaror hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratadi.
Buxoroning xalqaro hamkorlik salohiyati, avvalo, uning noyob tarixiy-madaniy merosi, qadimiy me’morchiligi, milliy hunarmandchiligi va boy turistik imkoniyatlari bilan chambarchas bog‘liq. Shu sababli birodar shaharlar bilan aloqalarni turizm va hunarmandchilik bilan uyg‘unlashtirish Buxoro uchun ikki tomonlama samara beradi: bir tomondan, xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mahalliy hunarmandlar va tadbirkorlar uchun yangi bozorlar ochadi. Ayniqsa, xorijiy shaharlarda Buxoro madaniyati, milliy hunarmandchiligi va turistik imkoniyatlarini targ‘ib qiluvchi ko‘rgazma va festivallarni ko‘paytirish, birodar shaharlar orqali yangi turistik marshrutlarni shakllantirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes muloqotlarni yo‘lga qo‘yish kelgusidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkin.
Uchrashuvda ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish, xorijiy shaharlar bilan hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirish hamda xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri