Olmaliqda zamonaviy ekopark barpo etiladi
Olmaliq shahrida aholi uchun zamonaviy madaniy hordiq maskani yaratish, yashil hududlarni kengaytirish va shaharning ekologik muhitini yaxshilashga qaratilgan yangi investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Xususan, shahar hokimi Barhayot Meliyev hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Haocheng Industry Group” kompaniyasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, Kamalak mahallasi hududida zamonaviy “Ekopark” sayyohlik bog‘ini barpo etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Buning uchun qariyb 15 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya jalb etiladi. Ekoparkning tashkil etilishi Olmaliq shahrida yashil hududlarni ko‘paytirish, aholi va mehmonlar uchun zamonaviy dam olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Loyiha investori energetika va infratuzilma ob’ektlarini to‘liq moliyalashtirish hamda qurib foydalanishga topshirish EPC+F yo‘nalishida xalqaro tajribaga ega kompaniya hisoblanadi.

Kompaniya tomonidan Avstraliya, Xitoy va Indoneziya kabi davlatlarda yirik ob’ektlar amalga oshirilgan. Ayni paytda O‘zbekistonda, jumladan, “Yangi Toshkent” hududi hamda Sirdaryo IESda umumiy qiymati 420 million dollardan ortiq bo‘lgan strategik energetika va infratuzilma loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Yangi loyihaning amalga oshirilishi Olmaliq shahrining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish barobarida, shahar aholisi uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA