Har bir murojaat bo‘yicha aniq yondashuv va chora-tadbirlar belgilandi.
Boyovut tumanida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida sayyor qabul o‘tkazilib, fuqarolardan jami 301 ta murojaat qabul qilindi. Ularning 236 tasi Boyovut tumani aholisiga tegishli bo‘lib, har bir masala mas’ul mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi tomonidan tashkil etilgan sayyor qabulda viloyat prokurori, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, tuman hokimi, Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari hamda tegishli sohalar uchun mas’ul rahbarlar ishtirok etdi.

Murojaatlarning asosiy qismi aholining kundalik hayoti va turmush sharoiti bilan bevosita bog‘liq masalalarga taalluqli bo‘ldi. Xususan, uy-joy va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik va sug‘orish suvi ta’minotini yaxshilash, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar, bandlik, kredit olish, ijtimoiy yordam va davolanish kabi masalalar ko‘tarildi.

Mazkur Sayyor qabulning ahamiyati shunda bo‘ldiki, fuqarolar o‘z muammolarini hal etish uchun turli idoralarga sarson bo‘lib yurmasdan, mas’ul rahbarlar ishtirokida bevosita murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Har bir murojaatning mazmun-mohiyati o‘rganilib, uni hal etish bo‘yicha aniq yondashuv va chora-tadbirlar belgilandi.

Ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish, hujjatlarni tekshirish yoki bir nechta tashkilot ishtirokini talab qiladigan murojaatlar esa tegishli mas’ullarga biriktirildi. Ularni hal etish muddatlari va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.

Ayniqsa, aholini qiynayotgan masalalarning sabablarini chuqur o‘rganish, faqat murojaatga javob berish bilan cheklanib qolmasdan, muammoni bartaraf etishga qaratilgan amaliy choralarni ko‘rish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Barcha murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi. Kelasi hafta viloyat hokimligida mas’ullar ishtirokida har bir murojaatning holati, belgilangan vazifalar ijrosi va erishilgan natijalar birma-bir ko‘rib chiqiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri