Mahallada bandlik va farovonlikni ta’minlashda yangi yondashuvlar
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov raisligida “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish, mahallalar ixtisoslashuvi va aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mahalla institutini aholi muammolarini hal etadigan, bandlikni ta’minlaydigan va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan eng muhim bo‘g‘inga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Davlatimiz rahbari raisligida 2026-yilning 16-iyulida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham hududlarda ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tomorqa va bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda har bir mahallaning iqtisodiy ixtisoslashuvini shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan edi.
Yig‘ilishda viloyatda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, imtiyozli bank kreditlarini maqsadli yo‘naltirish, mahallalar jamg‘armalari faoliyati samaradorligini oshirish va Prezident topshiriqlari ijrosida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi.
Hozirda viloyatdagi 1,6 ming gektar tomorqa yerlaridan yetarlicha samarali foydalanilmayotgani iqtisodiy imkoniyatlarni cheklamoqda. Shu bois Prezident videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarga muvofiq, bo‘sh yer maydonlarini kooperatsiya asosida o‘zlashtirish, Jizzax viloyati tajribasini ommalashtirish, gulchilik va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish hamda Zarafshon va Uchquduq tumanlarida ko‘p qavatli uylar yerto‘lalarida qo‘ziqorin yetishtirish kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda ijtimoiy himoya sohasida ham tizimli muammolar muhokama qilindi. Xususan, fuqarolarni “Ijtimoiy reyestr”ga kiritishda asossiz rad etish holatlari ko‘payib, Prezident virtual qabulxonasiga murojaatlar soni ortib borayotgani keskin tanqid qilindi. Bu borada har bir murojaat qonuniy va adolatli ko‘rib chiqilishi, ehtiyojmand aholiga manzilli ko‘mak ko‘rsatish asosiy vazifalardan biri ekani yana bir bor ta’kidlandi.
Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalarida mablag‘lar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, ehtiyojmand oilalarning uy-joylarini ta’mirlash ishlari sust olib borilayotgani tanqid qilindi. Mas’ullarga joriy yilning 1-sentabriga qadar 216 ta xonadonni ta’mirlash ishlarini to‘liq yakunlash vazifasi yuklatildi.
Prezident videoselektor yig‘ilishida bank tizimi orqali aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va daromad manbalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgani bois, Markaziy bank viloyat boshqarmasiga tijorat banklari bilan hamkorlikda har bir bank uchun namunaviy mahalla tizimini yo‘lga qo‘yish, mahalla bankirlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish topshirildi.
Bandlik va Mahalla uyushmasi boshqarmalariga esa namunaviy biznes rejalarini ishlab chiqish, hokim yordamchilarining amaliy ko‘nikmalarini oshirish, gulchilik va issiqxonachilikka ixtisoslashadigan xonadonlar ro‘yxatini shakllantirish hamda ularga yetakchi tadbirkorlarni biriktirish vazifasi yuklatildi. Bu esa mahallalarda yangi daromad manbalarini yaratish va oilalarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda mahalla jamg‘armalari daromadlarini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Soliq to‘lov intizomini mustahkamlash, mahalla binolaridagi bo‘sh xonalar va yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazib, elektron auksion orqali tadbirkorlarga ijaraga berish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.
Xullas, Prezident rahbarligidagi videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosini ta’minlash, har bir mahallaning iqtisodiy salohiyatini ishga solish, aholi bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri