Oliy sud plenumi: kun tartibida yangi sudyalar qasamyodi va yangi qonun loyihalari
Oliy sud plenumining navbatdagi majlisida ayrim jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar, tuman va tumanlararo hamda tumanlararo iqtisodiy va ma’muriy sudlarga ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalarning qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.
Majlisda Sudyalar oliy kengashining qarorlariga muvofiq sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlangan 35 nafar sudyaning qasamyodi eshitildi.

Qasamyod qabul qilgan yangi sudyalarga sudyalik guvohnomalari bilan birga "Sudyalar odobi kodeksi" topshirildi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ma’qullash va ularni belgilangan tartibda parlamentga kiritish haqidagi qarorlar qabul qilindi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilib, ularga muvofiq jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoya fikri bilan birga taqdim etish hamda uni taqdim etish tartibi, shuningdek ushbu hujjatning mazmuniga doir talablar belgilanmoqda.
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, dastlabki tergov yoki surishtiruv tamomlangandan so‘ng, himoyachi jinoyat ishi materiallari bilan tanishib bo‘lgach, himoya fikrini bevosita jinoyat ishi materiallari ish yurituvida bo‘lgan prokurorga yoki ishni sudda ko‘rib chiqish boshlangunga qadar sudga taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida Iqtisodiy protsessual kodeksiga qo‘shimcha kiritilib, qonuniy kuchda bo‘lgan va yuqori instansiya sudida nizolashilayotgan sud hujjatining ijrosini yuqori instansiya sudi tomonidan to‘xtatib turish uchun ishda ishtirok etuvchi shaxs o‘z iltimosnomasida sud hujjatining ijrosini to‘xtatib turish bo‘yicha choralarni ko‘rmaslik uning qaytarma ijrosini qiyinlashtirishi yoki bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yishi mumkinligini asoslab berishi lozimligi belgilanmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA