Oliy sud: Hokimlar qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ishlar soni 1,5 mingga yaqinni tashkil qildi
Sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar qanday hal etilmoqda?
– Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 13 ming 379 ish ko‘rib chiqildi, – dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – Natijada 5 ming 387 fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi.
Ma’muriy va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi 5 ming 396 ish ko‘rib chiqildi.
Xususan, hokim qarorini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ko‘rib tamomlangan ishlar soni 1,5 mingga yaqinni tashkil qildi. Shundan jismoniy va yuridik shaxslarning 412 arizasi qanoatlantirildi. Soliq organlarining 1,5 mingdan ziyod qaroridan 653 tasi hamda Kadastr agentligining 1 ming 876 qaroridan 525 tasi haqiqiy emas, deb topildi.
Viloyat va unga tenglashtirilgan ma’muriy sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida 2 ming 326 ish ko‘rib chiqildi.
Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 301 qaror bekor qilinib, 10 qaror o‘zgartirildi.
Kassatsiya tartibida mingdan ortiq ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 165 qaror bekor qilinib, 8 qaror o‘zgartirildi.
Taftish tartibida 1,2 mingdan ziyod ish ko‘rib chiqildi. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 105 qaror bekor qilinib, 3 qaror o‘zgartirildi.
Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 1,2 mingga yaqin shikoyat va protest o‘rganib chiqildi. Shundan 229 tasi ish materiallari asosida ko‘rib chiqildi. Natijada quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 101 tasi bekor qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA