Oliy ma’lumotli hamshiralar va tibbiyot og‘alarining maoshiga qo‘shiladigan ustamalar e’lon qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi davom etmoqda.
– Qancha zamonaviy klinikalar qurmaylik, eng so‘nggi uskunalarni olib bermaylik, malakali xodimlarsiz natija bo‘lmaydi, – dedi Prezidentimiz.
Bugun 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming shifokor tayyorlanmoqda. Biroq bitiruvchilarning hammasi ham ishga kirgan birinchi kundan bemor bilan ishlashga tayyor emas.
– Boshqa sohada yosh xodim xato qilishi mumkin, ammo bo‘lg‘usi shifokorning bunga haqqi yo‘q. Chunki tibbiyot xodimining har bir harakati ortida inson hayoti turibdi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, kadrlar tayyorlash klinik amaliyot bilan bog‘lanadi. Kelasi yildan talabalar haftada uch kun bemor bilan ishlashni o‘rganadi, bitiruvchilar esa oxirgi o‘quv yilida to‘liq tibbiyot muassasasida amaliyot o‘taydi.
Bakalavriatni bitirgan hamshira va tibbiyot og‘asiga 1,5 million so‘m, magistraturani tugatganlarga 2,5 million so‘m qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Oilaviy shifokorlik bo‘yicha tor soha mutaxassisiga ustama 5,5 million so‘m bo‘ladi.
O‘zA