Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyining filiali ish boshladi
Sport vazirligida Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyi filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan FIFA prezidenti Janni Infantino ishtirok etdi. Tadbir davomida muzeyning faoliyati, uning asosiy yo‘nalishlari hamda tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy ko‘rgazma bilan tanishdi.
Muzey ekspozitsiyalaridan Olimpiya va Paralimpiya harakati tarixi, O‘zbekiston sportining rivojlanish bosqichlari, mamlakatimiz sportchilarining xalqaro musobaqalardagi yutuqlari, shuningdek, sport sohasiga oid noyob eksponatlar va tarixiy materiallar o‘rin olgan.

Filialdagi zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan ko‘rgazma maydonlari, sport tarixiga oid qimmatli eksponatlar hamda O‘zbekiston sportining xalqaro maydondagi yutuqlarini aks ettiruvchi materiallar tashrif buyuruvchilarga mamlakatimiz sporti tarixi va bugungi taraqqiyoti haqida kengroq ma’lumot olish imkonini taqdim etadi.

Ochilish marosimida muzeyning sport tarixini asrab-avaylash, yosh avlodni sportga qiziqtirish va mamlakatimizning sportdagi yutuqlarini keng targ‘ib etishdagi ahamiyati ta’kidlandi.
Janni Infantino muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA