Olimpiya boksining keyingi taqdirini kim belgilaydi?
May oyida Turkiyaning Istanbul shahri boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatini qabul qiladi.
Aynan ushbu musobaqa doirasida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA)ning navbatdan tashqari saylov kongressi o‘tkazilishi belgilangan. Xalqaro ekspertlar fikricha, mazkur anjuman boksning olimpiya oilasidagi kelgusi o‘rni, shuningdek IBAning Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan rasman tan olinishi masalasiga ham oydinlik kiritishi bilan ahamiyatli.
Xo‘sh, Xalqaro boks assotsiatsiyasi rahbari Umar Kremlyov navbatdagi saylovda o‘rnini saqlab qola oladimi? Istanbul yig‘inidagi jarayon boksning keyingi istiqboliga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Hozir ayni mavzu xalqaro sport olamida keng muhokama qilinmoqda. Aytish joiz, saylovda Umar Kremlyov bilan Niderlandiya boks federatsiyasi rahbari Boris van der Vorst IBA prezidentligi uchun kurash olib boradi. Shuningdek, kongress davomida Yevropa boks federatsiyasi rahbarligi masalasi ham hal etiladi.
O‘n yil mobaynida Yevropa boksiga yetakchilik qilgan Franko Falchinellining vakolat muddati 30 aprelda tugaydi. Ko‘hna qit’a boks federatsiyasi birinchi lavozimi uchun to‘rt nomzod da’vogar - IBA prezidentligi uchun Kremlyovning raqibi Van der Vorst, turkiyalik Eyyup Gyozgech, ukrainalik Vladimir Prodivus va gretsiyalik Ioannis Filippatos.
Rossiya - Ukraina qarama-qarshiligi, mintaqada siyosiy vaziyat taranglashuvi tufayli rossiyalik bir qator korchalonlar xalqaro sport tashkilotlaridan chetlatilgan bir paytda Kremlyov IBA rahbarligi uchun kurashga kirishayotgani, sport olamida o‘z o‘rnini saqlab qolishga harakat qilayotgani oqimga qarshi suzish holatini eslatadi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tizimidagi axborot vositalarida yozilishicha, AIBAni IBAga aylantirgan Umar Kremlyov qisqa fursatda boksning olimpiya harakatidagi avvalgi o‘rnini qayta tiklash, qadimiy sport turidagi shaffoflikni ta’minlash borasida sezilarli islohotlarni amalga oshirgani, qarzdorlik muammosini hal etgani e’tiborli.
Saylovlar qay tartibda yakun topishidan qat’i nazar, boks o‘z jozibasi, shiddati bilan millionlab muxlislarni rom etishda davom etaveradi. IBA boshqaruvi navbatdagi to‘rt yillik muddatda kimga o‘tishi, Kremlyovning faoliyati qay tarzda davom etishi esa 13-14 may kunlari Istanbulda o‘tadigan navbatdan tashqari saylov korgressida hal bo‘ladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA