Olimpiadaning ilk kunida shaxmat jamoalarimiz muvaffaqiyatga erishdi
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 1-tur o‘yinlarida erkaklar jamoalari o‘rtasida 101 ta juftlikdagi o‘yinlar o‘tkazildi. Ularning 99 tasida g‘alaba qayd etildi. 1 tasida tomonlar murosa yo‘lini tanladi.
Olimpiadaning dastlabki kungi bahslarida O‘zbekistonning barcha erkaklar va ayollar terma jamoalari ishonchli o‘yin namoyish etib, muxlislarga yorqin g‘alabalarni tuhfa etdi.
Erkaklar terma jamoalarimizdan O‘zbekiston-1 Yamayka jamoasini 4:0, O‘zbekiston-2 Afg‘oniston shaxmatchilarini 3:1 va O‘zbekiston-3 jamoasi Mali vakillarini 3.5:0.5 hisobida dog‘da qoldirdi.
Mamlakatimizning ayollar terma jamoasi a’zolari ham birinchi kungi o‘yinlarda ishonchni oqladi. O‘zbekiston-1 — TTO (Trinidad va Tobago): 4:0, O‘zbekiston-2 –Togo: 3:1, O‘zbekiston-3 — Tanzaniya: 4 : 0.
[gallery-31465]
Shaxmat olimpiadasining xotin-qizlar musobaqasida 93 ta bahsning 92 tasida jamoalar kuch sinashdi. Ularning 92 tasida omadli jamoalar g‘oliblik bayrog‘ini baland ko‘tardi. Ruminiya va Puerto-Riko jamoalari bahsi texnik sabablarga ko‘ra o‘tkazilmadi.
Eslatib o‘tamiz, 11 ta turdan iborat 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 27-sentabrga qadar davom etadi.
Ertaga, 17-sentabr kuni 2-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA