OCHL–2: «Nasaf» safardan bir ochko bilan qaytdi
Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi–2 musobaqasining «A» guruhida birinchi tur uchrashuvlari yakunlandi. Unda «Nasaf» safarda «Al-Holdiya»ga qarshi bahs olib borgan bo‘lsa, «Al-Vahda» o‘z maydonida «Al-Kuvayt»ni qabul qildi.
Riffa shahridagi «Bahrayn Milliy» stadionida o‘tgan «Nasaf» va «Al-Holdiya» jamoalari bahsida hisob ochilmadi. Guruhning ikkinchi uchrashuvida esa «Al-Vahda» «Al-Kuvayt»ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa, «Al-Vahda» 3 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi. «Nasaf» va «Al-Holdiya» bir ochkodan jamg‘argan bo‘lsa, «Al-Kuvayt» ochkosiz qoldi.
Guruhdagi ikkinchi tur bahslari 14-oktabr kuni o‘tkaziladi. Unda «Nasaf» o‘z maydonida «Al-Vahda»ni qabul qiladi, «Al-Holdiya» esa safarda «Al-Kuvayt»ga qarshi raqobatlashadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA