OKMKda raqamlashtirishning yangi bosqichi boshlanmoqda
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda mahalliy dasturiy ta’minotlarni yaratish bo‘yicha yangi strategik yo‘nalishlarni belgilab olish maqsad qilingan. Ularni amalga oshirish uchun kombinatning “Digital Industry" korxonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy universitetining yetakchi professor-olimlari kombinatga taklif etildi.
Dastlab iqtisodiyot fanlari doktorlari, professorlar Shohmansur Shoha’zamiy va Xayrulla Rejapov hamda kombinatning axborot texnologiyalari sohasi mas’ullari va mutaxassislari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Unda texnologik jarayonlarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlarini takomillashtirish, mahsulot tannarxini tushirish, energotejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarishni iqtisodiy jihatdan optimallashtirishga xizmat qiluvchi yangi dasturiy yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunda asosiy urg‘u matematik modellashtirish usullariga qaratilib, murakkab texnologik zanjirlarni raqamli modellar yordamida boshqarish rejalashtirilgan.


Tadbirda professor Sh. Shoha’zamiy tomonidan “Yangi O‘zbekistonning smart raqamli respublika ekvivalentlariga o‘tish konsepsiyasi” mavzusida taqdimot ham o‘tkazildi.
Muloqot yakunida ilm-fan yutuqlarini bevosita amaliyotga tatbiq etish, ishlab chiqarishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslar boshqaruvini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalar belgilab olindi.
A.Musayev,O‘zA